Jizzax viloyati IIB boshligʻi, general-mayor Gʻayrat Qodirov Zarbdor tumanining “Yangikent” mahalla fuqarolar yigʻinida sayyor qabul oʻtkazdi. Tadbir avvalida 3-sektor hududida yashovchi yoshlarning 4 nafariga oliy taʼlim uchun kontrakt, 2 nafariga harbiy safarbarlik chaqiruvi rezervi saflarida xizmat qilish, 1 nafariga esa haydovchilik kursida oʻqish toʻlovlari toʻlanishiga oid sertifikat hamda ikki kishiga tikuvchilik mashinasi topshirildi. Shuningdek, bir guruh voyaga yetganlar 3-sektor rahbaridan fuqarolikni tasdiqlovchi ID-kartalarni qabul qilib oldilar. Bundan tashqari, 5 muhim tashabbus doirasida mahallaning faol yoshlari faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Aholi bilan muloqotlar davomida esa koʻchalarga shagʻal yotqizish, ichimlik suvi tarmogʻi tortish, chiqindilarni olib chiqish tizimini yoʻlga qoʻyish, yer osti suvlarini qochirish, turar joyni taʼmirlash, oliy taʼlim uchun kontrakt toʻlovini toʻlash, nikohga oid hujjatlarni rasmiylashtirish, moddiy yordam olish, uy qurish uchun yer uchastkasi ajratish yuzasidan 20 ga yaqin murojaatlar eshitildi. General-mayor Gʻayrat Qodirov hamda Zarbdor tumani hokimi Zafar Roʻziev tomonidan fuqarolar muammolarini hal qilish boʻyicha hudud masʼullariga topshiriqlar berildi.
Alijon ABDUSATTOROV,
“Rostda” muxbiri.
Jizzax viloyati.
