Oʻzbek milliy qoʻshiqchilik sanʼatining rivojlanishiga katta hissa qoʻshgan sanʼat dargʻalaridan biri Maʼmurjon Uzoqov 1904 yil 20 aprelda Margʻilonning mashhur Mashhad mahallasida, Boʻzchi Uzoqjon aka hamda Zebiniso aya xonadonida tavallud topgan. Maʼmurjon Uzoqov qoʻshiq olamining osmonida chaqmoqdek yonib, momaqaldiroqdek gurullab oʻtgan sanʼat ustozlaridan biri edi. Uning oilasi ham sanʼatga qiziquvchan oilalardan biri boʻlgan. Shu tufayli boʻlsa kerak, u yoshligidan sanʼatga mehr qoʻydi. Yusufjon qiziq, Joʻraxon Sultonov, Xasan Qori, Xudoybergan hofizlarni oʻzining uztozlari deb tan olgan edi. Uning ustozlari ham oʻz navbatida Maʼmurjon Uzoqovga mehr qoʻyib, Xasan qori dutor chalishni, Xudoybergan hofiz qoʻshiq aytishni oʻrgatdi. Hofizning keyingi 30 yillik hayoti va ijodiy faoliyati ulugʻ sanʼatkor Joʻraxon Sultonov bilan bogʻlangan edi. Ayniqsa, uning 1932 yilda Joʻraxon Sultonov bilan birga Toshkentga kelib, shu yerda yashay boshlashi uning ijodiga katta burilish boʻldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. 1939 yilda xalq hashariga aylangan katta Fargʻona kanali qurilishiga qatnashib, oʻzining sanʼati bilan xalqimiz orasida obroʻ topgan. 

Maʼmurjon Uzoqov repertuaridan xalq ashula, yalla va katta ashulalar («Ul kun jonon», «Nasihat», «Keldim», «Jonon kelur», «Koʻzlaring», «Bayot», «Parvo etib ket», «Qalam qoshing», «Aylading», «Yolgʻiz», «Koʻp erdi hasratim jono», «Sayding qoʻyaber, sayyod»), bastakorlar asarlari (ayniqsa, M. Mirzayevning «Yakka bu Fargʻonada», «Surating», «Dogʻman», «Yor istab», «Bahor», «Qachon boʻlgʻay, kim», «Bir kelib ketsin» kabi), mumtoz ashulalar («Feruz», «Mustahzod», «Bayot V») oʻrin olgan. Ijrolari Oʻzbekiston radiosi jamgʻarmasiga, bir nechta gramplastinka va kompakt disklarga yozilgan. Vafotidan soʻng «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlangan. Margʻilon koʻchalardan biri, bolalar musiqa maktabi hamda shahar madaniyat va istirohat bogʻiga Maʼmurjon Uzoqov nomi berilgan. 1997 yildan Margʻilonda Joʻraxon Sultonov va Maʼmurjon Uzoqov nomidagi xonandalar tanlovi oʻtkazilmoqda.

Adolat FAYZIYEVA tayyorladi.