Yozuvchi, olim va jamoat arbobi Sadriddin Ayniy 1878 yil 27 aprelda Buxoro viloyati, Gʻijduvon tumanida tugʻilgan. Oʻzbek va tojik tilida ijod qilgan. Tojikiston Fanlar akademiyasi akademigi va birinchi prezidenti, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi faxriy aʼzosi, Tojikistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi, filologiya fanlari doktori, professor Sadriddin Ayniy avval eski maktabda, keyin madrasalar: Mir Arab, Olimxon, Badalbek, Hoji Zohid, Koʻkaldoshda tahsil olgan. 

Ahmad Donish va ozarbayjon yozuvchisi Hoja Marogʻiyning hamda jadid maʼrifatparvarlarining asarlari uning dunyoqarashiga sezilarli taʼsir koʻrsatadi. Ayniy Buxoroda yangi usuldagi maktablar ochadi, ular uchun oʻquv qoʻllanmalar, ommani ilm-maʼrifatga chaqiruvchi sheʼr va hikoyalardan iborat «Yoshlar tarbiyasi» darsligini tuzadi. «Yosh buxoroliklar» harakatida faol qatnashadi. 1918–21 yillarda tojikcha, oʻzbekcha marsh, qoʻshiq va sheʼrlar yaratadi. «Buxoro jallodlari» povesti, «Buxoro mangʻit amirligining tarixi» asarida Buxoroning ijtimoiy-siyosiy hayoti ifodalangan. «Odina», «Qiz bola yoki Xolida», «Tojik adabiyotidan namunalar», «Qul bobo yoki ikki ozod» kabi qissa, hikoya, ocherklari muhim ahamiyatga ega. 

Ayniy tojik va oʻzbek adabiyotlarining ming yillik tarixiy taraqqiyotida yetishib chiqqan 200 dan ortiq shoir, tarixchi, olim, tazkiranavislar hayoti va ijodi haqida maʼlumot beradi. U 1927-29 yillarda yirik romani «Doxunda»ni tojik tilida nashr ettirdi. 1934 yilda esa oʻzbek tilida «Qullar» romanini yozdi. Unda oʻzbek va tojik xalqining yuz yillik hayoti aks etadi. Ayniyning «Eski maktab» asarida eski maktabdagi oʻqish va oʻqitish haqida hikoya qilinadi. Yigirmanchi yillarda eʼlon qilingan qator hajviy asarlari, «Yana bu qaysi goʻrdan chiqdi», «Puling halol boʻlsa, toʻy qil», «Mashrab bobo», «Ye, toʻnim», «Bilganim yoʻq», «Kengash» kabi oʻzbekcha felʼetonlari, hajviy sheʼr va maqolalari, ayniqsa, «Sudxoʻrning oʻlimi» hajviy povesti yozuvchining mohir satirik ekanligini koʻrsatdi. Muqanna va Temurmalik boshchiligidagi xalq qoʻzgʻolonini aks ettiruvchi adabiy-tarixiy ocherklar yozdi. U toʻrt qismdan iborat «Esdaliklar»ida Buxoroning oʻtmish hayoti va oʻsha davr ijtimoiy-madaniy muhitini yoritadi. 

 Sadriddin Ayniyning «Doxunda», «Qullar», «Sudxoʻrning oʻlimi» va «Esdaliklar» asarlari xorijiy tillarga tarjima qilingan. Oʻzbekiston va Tojikiston Respublikalaridagi bir qator shahar, tumanlar, qishloqlar, koʻchalar, maktablar, kutubxonalar, sanʼat va madaniyat muassasalari Ayniy nomiga qoʻyilgan. Samarqandda Ayniy yodgorlik uy-muzeyi ochilgan.

Sadriddin Ayniy 1954 yil vafot etgan.

Sherzod Abdusamadov tayyorladi.