Bagʻrikenglik bu – oʻzaro hurmat, bir-birini anglash, tushunish va qabul qilish demakdir. Yer yuzidagi turli madaniyatlariga hurmat bilan yondashish, tushunishga bagʻrikenglik taʼrifi beriladi. U bilim, samimiyat, vijdon va eʼtiqod natijasida yuzaga keladi. Bagʻrikenglik faqat maʼnaviy burch boʻlib qolmay, siyosiy va huquqiy ehtiyoj sanaladi. Eng asosiysi, bagʻrikenglik natijasida tinchlik taʼminlanadi, turli nizolar, urushlarning kelib chiqishiga toʻsqinlik qiladi.
BMT Bosh assambleyasining qaroriga koʻra, 1997 yildan buyon 16 noyabr har yili butun dunyoda “Xalqaro bagʻrikenglik kuni” sifatida nishonlanadi. Bu sanani Oʻzbekistonda nishonlash ham yaxshi anʼanaga aylangan.
Mazkur sanani munosib nishonlash maqsadida Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi tomonidan qator hamkor tashkilotlar bilan birga Xalqaro bagʻrikenglik kuniga bagʻishlab yurtimizda 15-21 noyabr kunlari “Maʼrifat va millatlararo bagʻrikenglik” shiori ostida “Bagʻrikenglik haftaligi” oʻtkazilmoqda. Haftalik davomida turli madaniy, maʼnaviy-marifiy va ilmiy-amaliy tadbirlar rejalashtirilgan.
Bugun poytaxtimizdagi Xalqlar doʻstligi maydonida Shomahmudovlar oilasi monumenti poyiga gulchambar qoʻyish marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirda Qoʻmita mutasaddi xodimlari, Milliy madaniy markazlar va doʻstlik jamiyatlari vakillari, shahar ahli va yoshlar hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.
Milliy madaniy markazlar va doʻstlik jamiyatlari vakillari yurtimizda xukm surayotgan millatlararo totuvlik va bagʻrikenglikni koʻz qorachigʻidek asrab avaylash kerakligi xususida alohida toʻxtalib oʻtishdi.
