Buxoro shahar hokimligida viloyat hokimi B.Zaripov, viloyat prokurori M.Istamov, Bchki ishlar boshqarmasi boshligʻi, polkovnik M.Miralimov boshchiligida jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasidagi amalga oshirilayotgan manzilli ishlar muhokama qilindi.
Yigʻilishda viloyatda sodir etilayotgan jinoyatlarning 30 foizi Buxoro shahriga toʻgʻri kelayotgani, Buxoroi sharif ulugʻ piru komillar, buyuk siymolar yurti ekanligi, bu zaminda sodir etilgan bitta jinoyat ham aslida favqulotda holat hisoblanishi taʼkidlandi. Jinoyatlarning oldini olish borasidagi keng koʻlamli profilaktik tadbirlarni bugundan boshlab eng yuqori bosqichga koʻtarish kerakligi, joriy yil oxirigacha Buxoro shahri oʻz nomiga va nufuziga monand jinoyatdan xoli “yashil” toifadagi maskanga aylanishi lozimligi haqida soʻz yuritildi.
Yigʻilishda viloyat prokurori Mahmud Istamov Buxoro shahrida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish borasida tuzilgan “Yoʻl xaritasi” haqida maʼlumot berdi. Bu borada 17 ta yoʻnalish boʻyicha shakllantirilgan ishchi guruhlar vazifalari birma-bir tushuntirildi.
Soʻzga chiqqan viloyat IIB boshligʻi, polkovnik Mirjamol Miralimov hududlarning kriminogen vaziyatiga taʼsir qilayotgan omillar haqida toʻxtalib, jinoyatlarning oldini olishning oʻziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda maxsus kontingent bilan ishlash kerakligini aytib oʻtdi.
Tanqidiy-tahliliy ruhda oʻtgan yigʻilishda kelusida bajarilishi lozim boʻlgan keng koʻlamli profilaktik tadbirlar, har bir vazifa yuzasidan masʼullar va uning bajarilish muddatlari aniq belgilab olindi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati.
