Joriy yilning 1-fevralidan 1-martigacha yurtimizda “Yoshlar orasida giyohvandlik vositalarining tarqatilishiga qarshi kurash” oyligi davom etmoqda. Shu munosabati bilan Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida davra suhbati boʻlib oʻtdi. 

Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi masʼullari ishtirokidagi mazkur tadbirda oliygohning sirtqi boʻlimi talabalari qatnashdi. Unda mavzuga oid rolik namoyish etilib, giyohvandlik vositalari isteʼmolining salbiy oqibatlari, xususan buning natijasida sodir etilayotgan jinoyatlar haqida soʻz bordi. Shundan soʻng soʻzga chiqqanlar oʻz faoliyatidan kelib chiqib, hayotiy misollar asosida fikr-mulohazalarini bildirib, ushbu illatning bugungi axborot texnologiyalari zamonida tobora xavfli tus olayotganini alohida taʼkidlashdi. Tadbir yakunida talabalar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob olishdi.

Mahliyo XOLOVA,

“Postda” muxbiri.

Navoiy viloyati.