Mustaqilligimizning 30 yillik bayrami munosabati bilan Fargʻona viloyati Ichki ishlar boshqarmasida faxriylar ishtirokida bayram tadbiri tashkil etildi. Sohada uzoq yilllar ishlab nafaqaga chiqqan 200 nafardan ziyod faxriy boshqarmaga taklif etildi.

Dastlab ular uchun harbiy texnikalar koʻrgazmasi tashkil qilindi. Ustozlar xizmatda foydalanib kelinayotgan yangi harbiy texnikalarni koʻzdan kechirib, yosh xodimlar bilan muloqot qilishdi. Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar otryadi xodimlarining koʻrgazmali chiqishi ham ularda katta taassurot qoldirdi.

Shu kuni bayram dasturxoni yozilib, shukrona tadbiri ham oʻtkazildi. Tadbir davomida bir guruh faxriylar Ichki ishlar vazirining maslahatchisi, general-polkovnik Zokirjon Almatovning tashakkurnomasi va viloyat IIBning qimmatbaho sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Fargʻonalik taniqli sanʼat namoyondalarining diltortar qoʻshiqlari faxriylarning qalbiga xushnudlik bahsh etdi. Ular bir piyola choy ustida samimiy suhbat qurib, mustaqillik neʼmatlariga shukrona aytdilar.

Abduvosit SIDIQOV,

“Postda” muxbiri.

Fargʻona viloyati.