Faxriylar – faxrimiz
Fargʻona shahrida istiqomat qiluvchi ichki ishlar organlari faxriysi, isteʼfodagi mayor Kamiljon Masharipov bu yil 82 yoshni qarshi oldi. Fidoyi ustoz oʻz umrining eng kuchga toʻlgan davrlarini el-yurt osoyishtaligini taʼminlashga baxshida etgan.
1970-yilda ichki ishlar organlari safiga kirib, profilaktika, jinoyat qidiruv kabi xizmatlarda ishladi. Koʻp yillar davomida Fargʻona shahrining eng kriminogen ogʻir hududi boʻlgan Qirguli mavzesida faoliyat koʻrsatib, jinoyatchilikni jilovlashda jonbozlik koʻrsatdi. Keyinchalik Fargʻona shahrida joylashgan Serjantlar tarkibini qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazida ishlab, sohani bilimli kadrlar bilan toʻldirishga hissa qoʻshdi. Oʻsha davrda koʻplab yosh xodimlarga ustozlik qilib, kasbning sir-asrorlarini, odamlar bilan muloqotni, insoniy fazilatlarni oʻrgatdi.
– Men ustoz Kamiljon Masharipov bilan koʻp yillar birga ishlaganman, – deydi ichki ishlar organlari faxriysi, isteʼfodagi podpolkovnik Ravshan Oxunov. – U kishi juda talabchan inson boʻlish bilan birga, shogirdlariga bilmaganlarini oʻrgatishdan erinmas edi. Ularga jinoyatlarning oqibati bilan emas, sababi bilan kurash olib borish kerakligini uqtirib, oʻzi bu borada namuna koʻrsatardi.
1991-yilda ehtirom bilan pensiyaga chiqqan Kamiljon Masharipov malakali huquqshunos boʻlganligi sababli turli davlat idoralarida ishladi. Keyinroq Fargʻona davlat universitetiga ishga kirib, 15 yilga yaqin oliygohda yoshlarga huquqshunoslik fanidan saboq berdi. Yosh kadrlarni yuridik bilimlar asosida tarbiyalashga munosib hissasini qoʻshdi.
Ustozning tavallud kuni har yili bayramga aylanib ketadi. Bu gal ham shunday boʻldi. Farzandlar, nabiralar, shogirdlar uni yoʻqlab kelib, ezgu tilaklar izhor etishdi.
Xususan, viloyat IIB Faxriylar kengashi aʼzolari uning xonadoniga tashrif buyurib, IIV Faxriylar kengashi raisi, isteʼfodagi general-mayor Erkin Norgitovning tabriknomasini, shuningdek, «Ichki ishlar organlari faxriysi» koʻkrak nishonini tantanali ravishda topshirishdi.
Ehtiromdan boshi osmonga yetgan Kamiljon Masharipov yurtimizdagi tinchlik va barqarorlik abadiy boʻlishini soʻrab duolar qildi.
– Ichki ishlar organlari faxriylariga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik haqida soatlab gapirsam ham oz, – deydi ustoz. – Mana, birgina misol: Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan 80 yoshdan oshgan 30 nafar faxriy viloyat IIBga taklif etilib, ehtirom koʻrsatildi. Boshqarma rahbariyatining tabriknomasi, qimmatbaho sovgʻalar berildi. Eng muhimi, birga ishlagan sobiq safdoshlarni koʻrib dilimiz yayradi, ular bilan miriqib suhbatlashdik.
Abduvosit SIDIQOV,
oʻz muxbirimiz.
Fargʻona viloyati.
