Sud ocherki
Shodmon (voqea ishtirokchilarining ismlari oʻzgartirilgan) umrining salkam 25 yilini qamoqda oʻtkazdi. Oʻgʻrilik sodir etgani uchun besh marta sudning qora kursisiga oʻtirdi. Oʻta xavfli retsidivist deb topildi. Bu orada oila qurib, ikki nafar farzandli boʻlishga ham ulgurdi.
Oxirgi marta jinoyat ishlari boʻyicha Sirdaryo viloyat sudining hukmi bilan ozodlikdan mahrum etildi. Jazoni toʻliq oʻtab boʻlgach, avvaliga oilasi bilan Paxtakor tumanidagi xonadonlardan birida ijarada turdi. Keyinroq tuman hokimligi tomonidan teri-tanosil kasalliklari shifoxonasi yotoqxonasidan unga xona ajratildi.
Ozodlik havosidan nafas olayotganiga endigina 7 oy boʻlayotgandi. Oʻsha mashʼum kun tush paytida oxirgi marta birga qamoqda oʻtirib chiqqan tanishi Ixtiyor qoʻngʻiroq qilib qoldi. Shodmon uni mehmonga taklif qildi. Ixtiyor bir shisha aroq koʻtarib, kirib keldi. Uni boʻshatishgach, mezbon dasturxonga ikki shisha konyak qoʻydi. Birga kechgan yillarini xotirlab, ularni ham ichib tugatishdi. Baribir kamlik qildi.
Shishadoshlar doʻkondan yana spirtli ichimlik sotib olish uchun koʻchaga chiqishdi. Shodmon yoʻl chetida qamoqxonada tanishgan Boʻta ismli yigitga koʻzi tushdi. Ikkalasi quchoqlashib koʻrishishdi.
– E oshnalar, yuringlar, bugun ziyofat mandan! – dedi u tantiligi tutib, koʻkragiga urib.
Boʻta doʻkondan bir shisha aroq olib chiqib:
– Endi mahalladagi choyxonaga boramiz, oʻsha yerda buni gazakka qoʻshib maydalab ichamiz, – dedi.
Lekin choyxonaga yetib borishlariga bir chaqirimcha qolganda, u yogʻiga yurishga hafsalalari yetmadi, erinishdi. Galma-gal shishani boʻgʻzidan koʻtarib, aroqni ichib tugatishdi. Nimadir boʻlib, Shodmon bilan Boʻta gap talashib qolishdi. Boʻta kayf ustida soʻkinib, ulfatining yuziga musht tushirdi. Shodmon oʻrnidan turib, raqibini doʻpposlay ketdi. Ixtiyor ham unga koʻmaklashdi. Boʻtani yera yiqitib, duch kelgan joyiga tepkilay boshlashdi.
Ogʻzi-burnidan qon kelgan Boʻta qancha yalinmasin, ulfatlarining koʻnglida zarracha rahm-shafqat uygʻotmadi. Shu payt Shodmonning koʻzi yoʻl chetida yotgan yarim quloch arqonga tushdi. Shartta arqonni Boʻtaning boʻyniga solib, uchlarini Ixtiyor bilan ikkisi ikki tarafga tortib, uni boʻgʻa boshlashdi. Boʻta jon talvasasida tipirchilashga tushdi. Koʻzi qonga toʻlgan Ixtiyor uning boʻgʻziga pichoq tortib yubordi. Nihoyat Boʻtaning joni uzildi.
Endi qotillar jinoyat izlarini yoʻqotish choralarini koʻra boshlashdi. Oʻn-atrofdagi qurigan xas-xashak, shox-shabbalarni murdaning ustiga toʻplab, oʻt qoʻyib yuborishdi. Shundan soʻng doʻkondan aroq sotib olib, Shodmonnikiga borib ichishdi. Oradan ikki kun oʻtib, ikkalasi ham qoʻlga olindi.
Maʼlumot oʻrnida shuni qayd etish joizki, Shodmonning jinoiy sherigi, 40 yoshli Ixtiyor ham oʻta xavfli retsidivist deb topilgan. U ketma-ket sodir etgan oʻgʻrilik jinoyatlari uchun uch marta sudlangan. Umrining salkam 15 yilini tikanli sim ortida oʻtkazgan. Tayinli uy-joyi boʻlmagani uchun, oxirgi marta ozodlikka chiqqanidan soʻng xotini va yakka-yolgʻiz farzandi bilan oʻzi ishlaydigan fermer xoʻjaligining dala shiyponida yashab yurgan.
Boʻtaning taqdiri yanayam achinarli. Yaxshisi shu oʻrinda marhumning opasi sudda bergan koʻrsatuvidan parcha keltiraylik: «Ukam hayotligida mavsumiy ishlar bilan shugʻullanib, mardikorchilik qilib tirikchiligini oʻtkazardi. Teri-tanosil kasalliklari shifoxonasining yotoqxonasida yashardi. Oʻgʻrilik, talonchilik jinoyatlari sodir etganligi uchun koʻp marta sudlanib, qamoqda oʻtirib chiqqan.
Oila qurmagan. Deyarli har kuni spirtli ichkilik ichardi. Uni oxirgi marta bundan toʻrt oylar burun koʻrgandim. Oʻshanda ham biznikiga mast holatda mehmon boʻlib kelgandi. «Menikiga bunaqa ahvolda kelma. Farzandlarim mast odamni yoqtirmaydi», dedim. Gapimga xafa boʻlib, uyimga kirmasdan qaytib ketgandi».
Sud ushbu jinoyat ishini koʻrib chiqish chogʻida aybdorlarning aybini yengillashtiruvchi va ogʻirlashtiruvchi holatlarni inobatga oldi. Shuningdek, jazolarni qisman qoʻshish yoʻli bilan ularning har qaysisiga uzil-kesil 19 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinladi.
Elimizning sevimli xonandasi Ravshan Komilov bir qoʻshigʻida «Odam boʻlib keldik, odam boʻlaylik», deya daʼvat etadi. Ha, bu yorugʻ olamga odam boʻlib kelishning oʻzi bagʻoyat sharaf, Yaratganning bandasiga inoyati. Ammo odamday yashash barchaning ham qoʻlidan kelavermas ekan-da. Oʻzingiz guvohi boʻlganingizdek, «qahramonlarimiz»ning biridan tugʻishgan opasi ham bezor boʻlgan. Ikkinchisi xotiniyu yakka-yolgʻiz bolasi bilan dalashiyponda yashab yurgan. Uchinchisini ham hayotiga havas qilgulik emas. Har qaysisi sodir etgan jinoyatlari uchun umrining eng gullagan davrini panjara ortida, tutqunlikda oʻtgan. Insondek zoti sharifga shunday sharmandalik munosibmi?! Ularning xotin, bola-chaqasiga kishining rahmi keladi. «Esiz umr, esiz farzandlar» deysiz beixtiyor.
Lutfilla MAMARAJABOV,
Jinoyat ishlar boʻyicha Doʻstlik tuman sudi raisi.
Bobomurod TOSHEV,
«Postda» muxbiri.
