Fargʻona viloyati IIB JXX HPB tomonidan joriy yilning 1-choragida huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida amalga oshirilgan ishlar va yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar sarhisobiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi. Bu haqda viloyat IIB Axborot xizmati xabar bermoqda.

Tadbirda Huquqbuzarliklar profilaktikasi hamda Probasiya boshqarmasi rahbariyati, tegishli mutaxassislar bilan birga, jinoyat ishlari boʻyicha viloyat sudining sudʼyalari ham ishtirok etdi.

Anjumanda profilaktika inspektorlari ish yurituvidagi materiallarni sudlarga yuborishda uchrayotgan muammolar koʻrib chiqildi. Bu muammolarni sud organlari bilan hamkorlikda bartaraf etish boʻyicha fikr almashildi.

Bundan tashqari, probasiya boʻlimlari hisobida turadigan mahkumlar bilan olib borilayotgan profilaktik tadbirlarni yanada kuchaytirish, nazoratdagi shaxslar ishtirokida qayta jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻymaslik borasida tegishli tavsiyalar berildi.

Yigʻilishda taʼkidlanganidek, profilaktika inspektorlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar reyting tizimi orqali baholab borilmoqda.

Ushbu reyting tizimi orqali faoliyati ijobiy baholangan, zimmasiga yuklatilgan vazifalarni namunali bajarib kelayotgan 31 nafar profilaktika inspektorini ragʻbatlantirish uchun taklif berildi. Aksincha, reytingda past koʻrsatkichlarni qayd etgan 31 nafar profilaktika inspektoriga nisbatan intizomiy jazo choralari koʻriladigan boʻldi.

Yigʻilish yakunida chorak yakunlaridan tegishli xulosa chiqarilib, ikkinchi chorakda ishni sifat jihatidan yanada yaxshilashga kelishib olindi. 

Abduvosit SIDIQOV,

“Postda” muxbiri.

Fargʻona viloyati.