Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasida respublika Ichki ishlar vazirining 2021-yil 21-oktabrdagi “Ichki ishlar organlari maʼnaviy-maʼrifiy ishlar xizmati faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi buyrugʻi ijrosini taʼminlashga qaratilgan oʻquv boʻlib oʻtdi. Aytish lozimki, mazkur buyruqqa koʻra “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish – oliy burchimiz” gʻoyasi asosida xodimlarning odob-axloq qoidalari ishlab chiqilgan. Shuningdek, maʼnaviy-maʼrifiy ishlarga masʼul rahbarlarning vakolat va majburiyatlari belgilandi. Endilikda xodimlar bilan bogʻliq muammolarga individual yondashish va ularga har tomonlama yordam koʻrsatish majburiy hisoblanadi.
Tadbir davomida ichki ishlar organlari xodimlarining xizmat, jangovar va jismoniy salohiyatini oshirish, axloqiy sifatlarini kuchaytirish, shaxsiy tarkib bilan psixologik treninglar uyushtirish masalalari koʻrib chiqildi. Kitob mutolaasi, davlat tilida ish yuritish va ichki ishlar organlari xodimlari uchun joriy etilgan imtiyozlardan foydalanish ham eʼtiborda boʻldi.
Oʻquv doirasida ichki ishlar organlari xodimlari oʻrtasida xizmat, jangovar, jismoniy, axloqiy va psixologik mashgʻulotlarni sifatli tashkil etish boʻyicha topshiriqlar berildi. Yakunda jangovar qurollardan foydalanishga oid nazariy mashgʻulot oʻtkazildi. Bu jarayonda toʻpponcha va avtomatik qurollarning texnik-taktik tasnifi, samarali qoʻllash usullari yuzasidan tavsiyalar bildirildi.
Alijon ABDUSATTOROV,
“Postda” muxbiri.
Jizzax viloyati.
