Margʻilon shahrida “Mahalladagi beshlik hamkorligi” tizimini yangicha yondashuv asosida yoʻlga qoʻyishda Fargʻona viloyati tajribasini respublikada ommalashtirish boʻyicha seminar boʻlib oʻtmoqda.
Seminarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi oʻrinbosari, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari oʻrinbosarlari – Oila va xotin-qizlar boshqarmalari boshliqlari, Namangan va Andijon viloyatlarining shahar va tumanlari hokimlari oʻrinbosarlari – Oila va xotin-qizlar boʻlimlari boshliqlari, Sogʻliqni saqlash boshqarmalari boshliqlari, Ichki ishlar vazirligi JXX HPB boshliqlarining xotin-qizlar masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari hamda boshqa mutasaddilar ishtirok etmoqdalar.
Tadbirning ochilish marosimida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, Bosh vazir oʻrinbosari Zulayho Mahkamova, Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari, general-mayor Bekmurod Abdullaev, Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari Elmira Basitxanovalar ishtirok etib, soʻzga chiqdilar.
Seminarning dastlabki kunida “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida ijtimoiy profilaktikani tashkil etish mexanizmi boʻyicha Fargʻona tajribasi, “Tarbiyaning bosh maktabi – ota-ona ibrati” loyihasi doirasida amalga oshirilgan ijobiy ishlarga asosiy eʼtibor qaratildi.
Seminarning ikkinchi kunida yana bir qator tadbirlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Jumladan, Margʻilon shahrida “Bir hunarmandga oʻn shogird” tamoyilining ijrosi, Oltiariq tumanida “Sogʻlom oilani shakllantirish”, “Toʻgʻri ovqatlanish va sogʻlom turmush tarzi” umummilliy harakati doirasida amalga oshirilgan ishlar, Rishton tumanida tadbirkor ayol Muhayyo Sattarova faoliyati, Beshariq tumani mahallalarida amalga oshirilgan ishlar taqdimoti boʻlib oʻtadi.
Shuningdek, Qoʻqon shahrida “Tadbirkor ayol – jamiyat islohotchisi” mavzusida biznes forum tashkil etiladi.
Abduvosit SIDIQOV,
“Postda” muxbiri.
Fargʻona viloyati.
