Fargʻona viloyati hokimining tegishli qarori bilan 13-fevraldan 19-fevral kuniga qadar “Kibermakonda sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish haftaligi (Cyber-Week)” boshlandi.
Respublikada ilk marotaba, tajriba tariqasida oʻtkazilayotgan tadbir munosabati bilan matbuot anjumani tashkil qilindi. Unda viloyat hokimligi, IIV hamda viloyat IIB rahbarlari, OAV vakillari, bloggerlar hamda yoshlar ishtirok etdi.
Anjumanda taʼkidlanganidek, haftalik doirasida boʻlib oʻtadigan tadbirlarni muvofiqlashtirish maqsadida viloyat ishchi guruhi tuzilib, kompleks targʻibot-tashviqot tadbirlari rejasi hamda oʻtkaziladigan tanlovlar nizomi ishlab chiqildi. Rejaga koʻra, haftalik davomida “Kiberxavfsizlik bilimdonlari” intellektual oʻyini oʻtkaziladi. “10 ta eng yaqinim” va “Biz bir oilamiz” xeshtegi ostida ijtimoiy tarmoqlarda chellenjlar uyushtiriladi. Blogerlar oʻrtasida “Eng yaxshi kontent” tanlovi tashkil qilinadi.
Shuningdek, aholi oʻrtasida kiberjinoyatlarga qarshi kurashishni targʻib qiluvchi “Eng yaxshi monolog”, “Eng yaxshi insho”, “Eng yaxshi sheʼr” tanlovlarini oʻtkazish ham belgilangan.
Bundan tashqari, “Bank kartasi kodini hech kimga bermayman” shiori ostida katta yoshdagi aholi vakillari, faxriylar ishtirokidagi targʻibot materiallari (video, foto) tanlovi, tibbiyot xodimlari oʻrtasida “Internet tarmogʻidan xavfsiz foydalanaman” shiori ostida videoroliklar tanlovi, mahallalar oʻrtasida kiberjinoyatlarga qarshi kurashishni targʻib qiluvchi “Eng yaxshi mahalla” tanlovini oʻtkazish ham koʻzda tutilgan.
Matbuot anjumani davomida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga ishchi guruhi aʼzolari tomonidan javob qaytarildi. Yoshlar va jamoatchilik vakilarining takliflari eshitildi.
Abduvosit SIDIQOV,
“Postda” muxbiri.
Fargʻona viloyati.
