Yaqinda Shovot tumanida viloyat IIB JXX Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi, tuman IIB hamda tuman hokimligi Oila va xotin-qizlar masalalari boʻlimi hamkorligida yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda mamlakatimiz rahbarining joriy yil 7 mart kunidagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonining ijrosi boʻyicha mazkur hududda amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi.

Shu bilan birga, tumanda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, sogʻligʻini saqlash, kasbga oʻqitish va bandligini taʼminlash, tadbirkorlikka keng jalb etish, ehtiyojmand xotin-qizlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash hamda gender tenglikni taʼminlash borasidagi ishlar atroflicha tahlil qilinib, kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.

Shuningdek, ushbu tadbirda oilaviy nizolar sababli “Himoya orderi” berilgan xotin-qizlarning himoya huquqi buzilishining oldini olishda tuman ichki ishlar boʻlimiga yaqindan yordam berib kelayotgan mahalla fuqarolar yigʻini ayollar faollariga “Tashakkurnoma”lar topshirildi.

Zokir ISMOILOV,

podpolkovnik.