Bugungi kunda ichki ishlar organlarida fidoyilik bilan xizmat qilayotgan osoyishtaligimiz posbonlari, ayniqsa, yosh xodimlarning sohaga boʻlgan mehr-muhabbat va sadoqatini yanada kuchaytirishda joylardagi faxriylar kengashlarining ham munosib oʻrni bor. 

Jumladan, bu boradagi saʼy-harakatlarni Bekobod tumani IIB misolida ham koʻrishimiz mumkin. Chunki, mazkur tuman IIB Faxriylar kengashi raisi, isteʼfodagi podpolkovnik Jalolxoʻja Boʻrixoʻjaev ham doimo, tinchlik-osoyishtaligimiz himoyachilarining xizmatoldi yoʻriqnomasida ishtirok etib, IIB boshligʻining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, mayor Nizomiddin Qorabekov bilan hamkorlikda, xodimlarga xizmat intizomi va qonuniylikka rioya etish, fuqarolar bilan xushmuomalada boʻlish hamda ichki ishlar organlari xodimlari shaʼniga dogʻ tushuruvchi har qanday xatti-harakatlarni sodir etmaslik toʻgʻrisida taʼkidlash bilan birgalikda, oʻzlarining boy tajribasi va salohiyatini ham osoyishtaligimiz posbonlari qalbiga singdirib kelmoqda.

Shuningdek, tuman IIB xodimlariga navbatchilik oʻtash vaqtida ham “Ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi Kodeksi” talablariga qatʼiy amal qilish boʻyicha koʻrsatmalar berib borayotir. 

Bundan tashqari, shaxsiy tarkib bilan koʻplab marotaba uchrashuv va davra suhbatlari uyushtirib, oʻzlarining hayotiy maslahatlari, xizmatdagi qiyinchiliklar va ularni yengib oʻtish yoʻllari hamda erishgan yutuqlari haqida soʻzlab berishmoqda.  

Qilinayotgan bu kabi ijobiy ishlar esa, osoyishtaligimiz posbonlari oʻrtasida ularning oʻz kasbiga boʻlgan masʼuliyatini yanada oshirib, haqiqiy “xalq xizmatchisi” boʻlishida mustahkam zamin yaratishi shubhasizdir.

Mixli SAFAROV,

“Postda” muxbiri.