Maʼlumki, fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish va ushbu murojaatlar bilan ishlovchi xodimlarning hozirgi zamon talablariga javob beradigan holda, ularning malakasini oshirish eng muhim va dolzarb masalalardan biri boʻlib kelmoqda. Shu munosabat bilan fuqarolarning murojaatlari bilan ishlovchi xodimlarning malakasini oshirishning yangi tartibi ishlab chiqildi. Mazkur tartibni amaliyotga joriy etish maqsadida joriy yilning
7-oktabr sanasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining “Davlat organlari va tashkilotlarining jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ish olib boruvchi xodimlari malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 582-sonli qarori qabul qilindi. Ushbu qaror bilan tasdiqlangan nizom asosida Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq davlat organlari va tashkilotlarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ish olib boruvchi xodimlarni oʻqitish va ularning malakasini oshirish tartibi belgilandi.
Nizomga koʻra jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ish olib boruvchi xodimlar deganda, kelib tushgan murojaatlarini qabul qilish, roʻyxatga olish va koʻrib chiqish uchun yuborish, shuningdek, murojaatlarning hisobotini yuritish va koʻrib chiqilishini nazorat qilish maqsadida davlat tashkilotlarida tashkil etilgan boʻlim, boʻlinma yoki guruhlarning rahbarlari va xodimlari nazarda tutilgan.
Murojaatlar bilan ish olib boruvchi xodimlar malakasini oshirish har 3 yilda kamida bir marta amalga oshiriladi va malaka oshirish kursida oʻqitish vaqti
12 soatni tashkil etadi.
Malaka oshirish kurslari taʼlim muassasalari sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi va uning filiallarida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi va uning filiallarida toʻlov-shartnoma asosida tashkil etiladi.
Malaka oshirish quyidagi shakllarda amalga oshirilishi mumkin:
taʼlim muassasasi va uning filiallarida oʻqitish;
xodimlarning ish joyida oʻqitish;
masofaviy taʼlim orqali oʻqitish.
Malaka oshirish kurslari oʻquv dasturiga muvofiq belgilangan mavzular (modullar) boʻyicha sinov imtihonini topshirish bilan yakunlanadi.
Malaka oshirish yakuni boʻyicha imtihondan muvaffaqiyatli oʻtgan tinglovchilarga oʻquv kursining nomi va hajmi koʻrsatilgan holda, malaka oshirish kurslarini yakunlanganlik uchun belgilangan namunadagi sertifikat beriladi.
Sinov imtihonini topshirmagan (suhbatdan oʻtmagan) tinglovchiga sertifikat berilmaydi. Bunday holatda tinglovchiga malaka oshirish kursida qatnashganligi toʻgʻrisida maʼlumot beriladi.
Malaka oshirish kurslariga qabul qilingan tinglovchilarning oʻrtacha oylik ish haqi oʻqish davrida asosiy ish joyi boʻyicha saqlab qolinadi.
Oʻz navbatida, murojaatlar bilan ish olib boruvchi xodimlarning maʼlumotlari bazasi tegishli ravishda Adliya vazirligi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi adliya vazirligi, viloyatlar, Toshkent shahar adliya boshqarmalari hamda tuman (shahar) adliya boʻlimlari tomonidan shakillantiriladi hamda yuritiladi.
Yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlari bilan ishlovchi xodimlarning malakasini oshirish tizimini sifatli yoʻlga qoʻyish - ushbu xodimlarning kasbiy bilimlari va koʻnikmalarini yangilash va chuqurlashtirishga, ular tayyorgarligining zarur va yetarli darajasi, bilimlari va amaliy mahoratlarini yanada yuksaltirish, jismoniy va yuridik shaxslarning muammolarini chuqur tahlil qilgan holda tez va sifatli hal etilishiga xizmat qiladi.
H.Sharipov
Adliya vazirligi huzuridagi
Yuristlar malakasini oshirish markazi xodimi
