Eʼtirof

Fuqarolik qanday baxt ekanini boshidan oʻtkazgan biladi! Ota-onam asli Tojikiston Respublikasidan! Taqdir taqozosi bilan 2009 yilda Oʻzbekiston Respublikasiga koʻchib kelganmiz. Oʻshanda men bor yoʻgʻi toʻrt yoshda edim. Bizga fuqaroligi boʻlmagan shaxsning yashash guvohnomasi berilgandi. Sardoba tumanining Qoʻrgʻontepa mahallasida qavmu qarindoshlarimiz borligi, koʻpchiligi eski tanishligi sababmi tezda koʻnikib ketdik. Lekin, baribir yashayotgan mamlakatimiz fuqarosi emasligimiz koʻnglimizning bir chetida tugun boʻlib turardi. Tojikiston Respublikasida qolgan qarindoshlarimiz holidan xabar olishda muammolar bor edi. Ota-onamning mahalliy boshqaruv tuzilmalariga ishga kirishida ham qandaydir yondashuvlar mavjudligini sezardik. Garchand taʼlim olishimda muammo boʻlmagan boʻlsa-da, oʻrtoqlarim orasida oʻzimni noqulay his qilardim. Chunki ular kabi men oʻzbekistonlik emasdim. 2021 yilda va nihoyat biz kutgan bahor keldi. Dadamga Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi berildi. Shu kuni uyimizda bayram boʻlib ketdi. Ayam osh damlagan, dasturxon tuzatilgan! Oʻshanda katta odamning yigʻlaganini ilk bor koʻrganman. 

Oʻrta maktabni tugatish arafasida tengdoshlarimning koʻplari tuman Iibga borib fuqarolik hujjatiga ega boʻlishdi. Bir-ikkita dugonalarim Oʻgʻiloy sen nega ID karta olmayapsan degan savolga javob berish menga ogʻir edi. Koʻpincha vaziyatdan indamasdan chiqib ketardim. 

Yaqinda esa meni ham Sardoba tumani IIB M va FRB chaqirishdi. Bir necha oy oldin fuqarolikni olish yuzasidan tegishli hujjatlarni topshirgan edim. Eshikdan kirib borayapman, yuragim boshqacha uradi. Mening murojaatim qanoatlantirildimikan? Axir qanchadan-qancha orzularim shu hujjat bilan bogʻliq! Oliy taʼlimga kirish, chet ellarda boʻlish, oila qurish, ishga joylashishda hamma teng huquqlarga ega boʻlish men uchun juda muhim edi. Meni Sardoba tumani IIB M va FRB boshligʻi, katta leytenant Sayfiddin Bekmurodov kutib oldi. Menga qarab jilmayib turishidan koʻnglim koʻtarildi. U kishining “tabriklayman, siz Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilindigiz” degan soʻzlaridan boshim aylanib ketdi. Yuragim koʻksimga sigʻmasdi. Oʻsha paytdagi hissiyotlarimni soʻz bilan taʼriflay olmayman. 

Mana oʻsha qoʻlimda mittigina ID karta! Uni avaylab koʻksimga bosib olganman. Kim uchundir u oddiy hujjatdir. Lekin u menga katta hayot darvozalarini ochib bergan oltin kalitdek gap!  

Tashakkur! Hammasi uchun! 

Oʻgʻloy OMONOVA,

Sardoba tumani, 

Sirdaryo viloyati