Shu kunlarda Qashqadaryo viloyati gʻallazorlarida oʻrim-yigʻim ishlari jadal olib borilmoqda. Gʻallani nobudgarchiliksiz yigʻishtirib olish maqsadida kombaynlar haydovchilari ishni yuqori saviyada tashkil etib, xirmonlar koʻkka boʻy choʻzishiga oʻz hissalarini qoʻshishmoqda.
Bu borada Nishon tumani gʻallakorlari bor kuch va imkoniyatlardan unumli foydalanib, kuni kecha viloyatda birinchi boʻlib shartnomaviy rejani bajardilar. Tumandagi 740 ta fermer xoʻjaligi 15 ming gektar maydonda gʻalla yetishtirib, 26010 tonna sara don topshirishdi.
Albatta, dalalarda oʻrim-yigʻim ishlarini samarali yoʻlga qoʻyish, joylarda yoʻl harakatini taʼminlash, mayda tashmachilik, don oʻgʻirligining oldini olish kabi salbiy holatlarga barham berishda gʻallakorlarga viloyat ichki ishlar organlari xodimlari yelkadosh boʻlayotganini taʼkidlash oʻrinli. Soha vakillarining kombaynlarda gʻallani oʻrib olishdan boshlab yuk tashuvchi transport vositalarida omborlarga yetkazish va don qabul qilish maskanlarida texnika xavfsizligi talablariga rioya etilishigacha boʻlgan jarayonda kuzatuv-nazorat ishlarini amalga oshirib kelmoqda.
Sodiq RAHIMOV,
“Postda” muxbiri.
Qashqadaryo viloyati.
