Bugun Jahon matbuoti erkinligi kuni
Birlashgan millatlar tashkiloti Bosh assambleyasida 1993 yilning 3 may sanasini «Xalqaro matbuot erkinligi kuni» deb eʼlon qilish va shu kunda Xalqaro matbuot erkinligi kuni nishonlanishi haqida maxsus rezolyutsiya qabul qilingan. Oʻshandan buyon har yili 3 may kuni dunyo boʻylab Xalqaro matbuot erkinligi kuni nishonlanadi.
Matbuot deganda koʻz ollimizda avvalo, gazeta kelishi, shubhasiz. Kezi kelganda gazetaning kelib chiqish tarixi haqida qisqacha toʻxtalib oʻtsak.
Gazetaning ibtidoiy turi dastlab Rimda – miloddan avval I asrda varaqa shaklida, Xitoyda VII asrda «Poytaxt axboroti» nomi bilan chiqqan. Hozirgi gazetalarning dastlabki turlari XVI-XVII asrlarda Yevropada paydo boʻlgan. Ular xususiy shaxslar, aksariyat matbaachilar, noshirlar, pochta xodimlari tomonidan nashr qilingan. Ilk gazetalar haftada va 15 kunda bir marta chop etilib, kam nusxada boʻlgan. Ularda asosan saroy yangiliklari, tijorat xabarlari bosilgan. XVI asrda Venetsiyada yozma axborotlar uchun «gazette» degan chaqa pul toʻlashgan (nomi ham shundan). 1631 yilda Parijda qirol Lyudovik XIII ning shaxsiy shifokori va yilnomachisi Teofrast Renodo parijlik kitobfurushlar – Lui Vandom va Jan Marpen bilan birgalikda «La Gazzette» nomli vaqtli bosma nashrni tashkil etadi. Hozirgi maʼnodagi «gazeta» termini mana shu nashr tashkil qilingach, soʻzlashuvda rasm boʻla boshlagan, degan fikr mavjud.
Gazetachilik XVIII asrdan eʼtiboran, ayniqsa Angliya, Germaniya, Fransiya, Italiya, AQSH mamlakatlarida taraqqiy qila boshladi va bu mamlakatlarda koʻplab ijtimoiy-siyosiy yoʻnalishdagi kundalik gazetalar paydo boʻldi. Mazkur davrda tarmoq, yaʼni soha gazetalari ham tarkib topdi. Umumsiyosiy nashrlar qatoriga iqtisodiyot, tijorat, ilm-fan, adabiyot, sport va boshqa sohalarga ixtisoslashgan maxsus gazetalar qoʻshildi. Gazetalar chiqarish bilan xususiy noshirlardan tashqari turli ijtimoiy guruhlar, siyosiy partiyalar, firma va kompaniyalar ham shugʻullana boshladi. Shu tariqa gazetalar turli siyosiy qarashlar, mafkuralar jarchisiga aylana bordi.
Mamlakatimizda ham Jahon matbuoti va erkinligi kuni katta tantana bilan nishonlanadi. Davlat miqyosida turli tadbirlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida koʻrik-tanlovlar tashkil etiladi.
Sherzod ABDUSAMADOV tayyorladi.
