Kasb fidoyisi
Mamlakatimiz ichki ishlar organlari tizimida oʻz kasbiga mehr qoʻygan izlanuvchan, tirishqoq va jonkuyar xodimlar talaygina. Ulardan biri Yuqorichirchiq tumani “Farovon” mahallasiga xizmat koʻrsatuvchi profilaktika inspektori, katta leytenant Umedjon Begmuxamedov sanaladi.
Tajribali, uzoqni oldindan koʻra biladigan bu inson tinimsiz xizmatlari evaziga mahalla ahlining ham ishonchini qozona oldi. Ayniqsa, sodir etilgan jinoyatlarni “issiq izida” fosh etib, oʻziga xos tashabbus koʻrsatib kelmoqda. Bunday saʼy-harakatlar esa, bugungi kunda 3 ming 200 dan ortiq aholi istiqomat qilayotgan ushbu maskan tinchlik-xotirjamligiga muhim poydevor boʻlmoqda.
Jumladan yaqinda ham hudud osoyishtaligini taʼminlash yoʻlida tungi soat taxminan, 00:30 larda mahallani aylanib yurgan profilaktika inspektori 2 nafar begona kimsaga koʻzi tushadi. Ushbu shaxslarni biroz kuzatib, harakatlaridan shubhalangan inspektor asta-sekinlik bilan ularning yoniga yaqinlasha boshlaydi. Biroq, osoyishtalik posbonini koʻrgan fuqarolardan biri “oyogʻini qoʻliga olgancha” qochadi. Uning sohaviy xizmatlar xodimlari bilan hamkorlikdagi saʼy-harakatlari natijasida qonunbuzar qoʻlga olinadi. Shundan soʻng, jinoyatchilar yaxshilab koʻzdan kechirilganida, ularning yonidan 28 ta kichik hajmdagi yelim xaltachalarda giyohvandlik moddasi topiladi.
Qisqa qilib aytganda, yurtimizda Umedjon kabi gʻayrat-shijoatli, uddaburon va soha rivojiga munosib hissa qoʻshadigan profilaktika inspektorlari bor ekan, xalqimiz tinchlik-osoyishtaligi shunchalik bardavom boʻlaveradi.
Mixli SAFAROV,
oʻz muxbirimiz.
