Mamlakatimiz tinchlik-osoyishtaligi yoʻlida munosib xizmat qilayotgan sohamiz malikalarining jismoniy va jangovar shayligini oshirish, shuningdek, ular oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini yanada keng targʻib qilish maqsadida oʻtkazilayotgan “Toʻmaris izdoshlari” musobaqasining Toshkent viloyati bosqichi ham oʻz yakuniga yetib, uning gʻolib va sovrindorlari aniqlandi.
Oltita shart boʻyicha oʻzlarining nimalarga qodir ekanliklarini barchaga namoyish etgan dilbar opa-singillarimiz hakamlar hayʼati tomonidan xolisona tarzda baholab borildi.
Unga koʻra, Chirchiq shahar IIB xodimasi, leytenant Hilola Karimova yaqqol peshqadamligini tasdiqlab, shohsupaning yuqori pogʻonasidan joy oldi. Kuchli raqibidan ortda qolgan Yangiyoʻl tumani osoyishtalik posboni leytenant Nasiba Obidjonova 2-oʻrinni zabt etgan boʻlsa, Toshkent viloyati IIBB vakili katta serjant Muqaddas Qurbonova esa, 3-pogʻonaga loyiq topildi.
Musobaqa yakunida barcha gʻoliblar diplom va qimmatbaho esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Mixli SAFAROV,
“Postda” muxbiri.
