Bugungi kunda ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini yanada oshirish, joylardagi kutubxonalarni maʼnaviy-maʼrifiy, badiiy-estetik talablarga javob beradigan milliy va jahon adabiyotining eng sara namunalari bilan boyitish, shuningdek, xodimlarning intelektual salohiyati, ongu-tafakkuri, dunyoqarashi va maʼnaviyatini yuksaltirish, kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda ular oʻrtasida faol kitobxonlar safini kengaytirish va notiqlik xususiyatlarini yuksaltirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. 

  Ichki ishlar vazirining “Ichki ishlar organlari oʻrtasida “Namunali maʼnaviyat va maʼrifat xonasi”, “Eng yaxshi kutubxona”, “Eng yaxshi kitobxon” koʻrik-tanlovlarini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi buyrugʻi esa, bu boradagi saʼy-harakatlarni yangi bosqichga olib chiqdi.

  Shu boisdan, Xorazm viloyati IIB tarkibidagi barcha hududiy va sohaviy xizmatlarning xodimlari mazkur koʻrik-tanlovda faol ishtirok etishdi. Tanlov natijalariga koʻra, viloyat IIBda tashkil etilgan kutubxona “Eng yaxshi kutubxona” nominasiyasida, Xiva shahar IIBda tashkil etilgan “Maʼnaviyat va maʼrifat xonasi” esa, “Namunali maʼnaviyat va maʼrifat xonasi” nominasiyasi boʻyicha gʻolib boʻlib, koʻrik-tanlovning respublika bosqichida qatnashish huquqini qoʻlga kiritdi.

  IIV Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti boʻlim boshligʻi, mayor A.Boltaev Xorazm viloyatida xizmat safarida boʻlib, koʻrik-tanlov gʻolibi deb topilgan ushbu kutubxona hamda “Maʼnaviyat va maʼrifat xonasi” bilan yaqindan tanishib, yaratilgan shart-sharoitlar hamda qulayliklarni koʻzdan kechirdi. 

 Zokir ISMOILOV,

 podpolkovnik.