Olmaliq shahrida “Namunali mahalla huquq-tartibot maskanlari” koʻrik tanlovining Toshkent viloyati bosqichi gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda viloyat IIBB boshligʻi, general-mayor Tohir Aripov hamda mazkur hudud sektorlari rahbarlari, hamkor tashkilotlar vakillari shuningdek, taklif etilgan mehmonlar ishtirok etishdi.
Tanlovning yakuniy natijalariga koʻra, Zangiota tumani mahalla huquq-tartibot maskani xodimlari faxrli 1-oʻrinni qoʻlga kiritgan boʻlsa, Yuqorichirchiq tumani osoyishtalik posbonlari 2-pogʻonadan joy olishdi. Olmaliq shahar mahalla huquq-tartibot maskani vakillariga esa, 3-oʻrin nasib etdi.
Gʻoliblarga viloyat IIBB boshligʻi tomonidan pul mukofotlari va qimmatbaho esdalik sovgʻalari tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, tadbir doirasida, eng faol mahalla fuqarolar yigʻini raisi, xotin-qizlar faoli, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, sektor rahbarlari hamda patrul-post va yoʻl-patrul xizmati inspektorlari, voyaga yetmaganlar va xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektorlar ham munosib tarzda ragʻbatlantirildi.
Bayramona ruhda oʻtgan tadbir soʻnggida IIV 2-sonli Toshkent akademik litseyi oʻquvchi-yoshlarining koʻrgazmali chiqishlari hamda elimiz ardogʻidagi sanʼat ustalarining kuy-qoʻshiqlari barchaga xushkayfiyat ulashdi.
Oʻz muxbirimiz.
