Mamlakatimizda fuqarolarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, aholining farovon turmush kechirishi uchun qulay sharoitlar yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu jarayonda, ayniqsa, yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga gʻamxoʻrlik koʻrsatish, ularning jamiyatdan munosib oʻrin egallashi uchun sharoit yaratish davlat siyosati darajasiga koʻtarilgani xalqimizga xos azaliy yuksak fazilatlarning yorqin ifodasidir. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-avgustdagi “Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hamda “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” davlat dasturiga muvofiq, Buxoro viloyatidagi 156 nafar chin yetim bolalar uchun viloyat Sogʻliqni saqlash boshqarmasi tomonidan xayriya aksiyasi tashkil etildi.
Aksiya doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar dastlab viloyat koʻp tarmoqli bolalar tibbiyot markazida tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Turli mutaxassislikdagi shifokorlar ularga kerakli maslahatlar berishdi va davo muolajalari tavsiya etildi. Davolash choralari sogʻliqni saqlash boshqarmasi tizimiga kiruvchi tibbiyot muassasalari tomonidan nazoratga olindi. Shundan soʻng, bolalar Buxoro shahridagi zamonaviy “Buxoro” savdo majmuiga olib borildi. Bu yerda ular turli koʻngilochar oʻyinlar oʻynab, zamonaviy attraksionlarda maza qilib uchishdi. Bu esa yurtimizdagi barcha oʻgʻil-qizlar mehr va gʻamxoʻrlik ogʻushida ekanligidan dalolatdir. Shuningdek, bayram dasturxoni ham tashkil qilingani bolajonlarning bir quvonchiga oʻn quvonch qoʻshdi. Mehr va eʼtibor oʻksik koʻnglllarni togʻdek koʻtardi.
Bu kabi tadbirlar mehrga muhtoj oʻgʻil-qizlar qalbida mening shunday Vatanim bor, deya faxr va iftixor tuygʻusini oshirishi, ertangi kunga ishonchini yanada kuchaytirishi shubhasiz. Shunday damlarda ular ortida davlat borligini va tashlab qoʻymasligini his qiladi. Jamiyatning toʻlaqonli aʼzosiga aylanadi. Shunga koʻra, viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi tomonidan bu kabi tadbirlar doimiy tarzda tashkil etib boriladi.
H. TURDIEV,
Buxoro viloyati.
