Mirobod tumani Qoʻyliq-6 dahasida istiqomat qiluvchi fuqaro P.J. nomidan yozilgan ariza Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi orqali tuman IIOFMBga kelib tushgan. Tashkiliy boʻlim katta inspektori, mayor Mansur Komiljonov uni oʻrganib chiqib, tegishliligi boʻyicha 4-sonli IIB HPB profilaktika inspektori, katta leytenant F. Joʻrayevga yuborgan.

Murojaatda aytilishicha, P.J.ning nomiga qoʻshnisi D.R. 3 million soʻm kredit va yana muddatli toʻlovga televizor olgan. Lekin qoʻshni kreditlarni vaqtida toʻlamay aldab yurgan. Profilaktika inspektori holatni oʻrnatilgan tartibda koʻrib chiqib, qoʻshnilar bilan profilaktik suhbat oʻtkazishi natijasida kre­dit toʻlovlarining barchasi toʻlab berilgan.

– Murojaat qilgan har bir fuqaro muammosini bildirganida, uni diqqat bilan ting­lash lozim boʻladi, – deydi mayor Mansur Komiljonov. – Muammolari yechim topayotgan insonlar yuzidagi tabassumni koʻrib, odamning ruhi yengil tortadi.

M. Komiljonov Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetini tamomlab, Mirobod tumani IIOFMB HPBda xizmatni boshlagan. U dastlab tumandagi «Banokatiy» mahallasida profilaktika inspektori sifatida faoliyat olib borib, 2021-yilga qadar 4 ta mahallada aholi tinchligi va osoyishtaligi uchun masʼul boʻlgan. 

Mahallalarda xizmat qilish jarayonida tajriba toʻplagan, sohaning past-balandini yaxshi oʻrgangan xodim boshqar­maning tashkiliy boʻlimida murojaatlar bilan ishlash yoʻnalishida faoliyatini davom ettirmoqda. Uning vazifasi kelib tushayotgan murojaatlarni qabul qilish, tegishliligi boʻyicha joylarga yuborish, murojaatchilar bilan suhbat oʻtkazib, ijro nazoratini amalga oshirishdan iborat. 

Lavhamiz qahramoni­ning ikki nafar farzandi bor. Turmush oʻrtogʻi Eʼzoza­xon – hamshira. Ikkisi baxt qoʻrgʻoni boʻlmish oilada farzandlar kamoli yoʻlida umrguzaronlik qilib kelmoqda. 

Sarvar SOBIROV,

oʻz muxbirimiz.

Toshkent shahri.