Kasb fidoyisi
Kichik serjant Zafarbek Rayimberganov 2021 yildan buyon viloyat IIB JXX JTSB PPX batalonida guruh komandiri lavozimida xizmat faoliyatini boshladi. Ustoz-murabbiylarining nasihatlariga amal qilgan bu yigit kasb sirlarini qunt bilan oʻrgandi. Zimmasidagi vazifalarni masʼuliyat bilan bajarib, samarali natijalarga erishishga intildi. Qolaversa, boshqarmada oʻtkazilayotgan turli tadbirlarda, sport musobaqalarida, jamoat ishlarida ham faol qatnashdi. Bu saʼy-harakatlar natijasida u yilning eng faol yosh xodimi sifatida eʼtirof etildi.
Kichik serjant Z. Rayimberganov joriy yilning oʻtgan davri mobaynida nazoratdagi hududlarda turli huquqbuzarliklar sodir qilgan hamda shubha ostiga olingan 79 nafar fuqaroni shaxsini aniqlash maqsadida ichki ishlar organlariga olib kelgan. Shundan 40 nafariga profilaktika inspektorlari tomonidan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan, 9 nafari esa narkologiya dispanseriga joylashtirilgan. Uchta holatda sodir etilishi mumkin boʻlgan jinoyatlarning barvaqt oldini olishga erishgan, 27 marotaba profilaktik-targʻibot tadbirlarida ishtirok etgan.
U yaqinda Urganch shahri dehqon bozorida adashib qolgan N. Abdullayevaning farzandini topishda amaliy yordam berdi. Kichik serjant Zafarbek Rayimberganovga beminnat xizmati uchun urganchlik Abdullayevlar oilasi minnatdorlik bildirdi.
Xudoybergan JABBOROV,
oʻz muxbirimiz.
