Yaqinda jinoyat ishlari boʻyicha Navoiy shahar sudining sayyor sud majlisi boʻlib oʻtdi. Unda probatsiya nazorati ostida jazo muddatining maʼlum bir qismini oʻtab, hozirda sodir etgan jinoyatidan pushaymon boʻlgan hamda qatʼiy tuzalish yoʻliga oʻtgan 14 nafar mahkum jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi. Bundan tashqari, jazoni oʻtash shartlariga rioya qilmagan 2 nafar mahkumning oʻtalmay qolgan axloq tuzatish ishlari jazosi xuddi shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirilib, umumiy tartibli koloniyada oʻtashi belgilandi. Shuningdek, bir nafar mahkumning oʻtalmay qolgan axloq tuzatish ishlari jazosi xuddi shu muddatga ozodlikni cheklash jazosiga almashtirildi.
Shu kuni jinoyat ishlari boʻyicha Navoiy shahar sudining sudyasi D. Pardayeva, shahar IIB probatsiya guruhi xodimlari firibgarlik, oʻgʻrilik, kiberjinoyatchilik va boshqa jinoyatlardan saqlanish boʻyicha targʻibot ishlari olib borishdi. Qayta jinoyat yoki huquqbuzarlik sodir etish qanday oqibatlarga olib kelishi tushuntirildi.
Mahliyo XOLOVA,
“Postda” muxbiri.
Navoiy viloyati.
