IIV Malaka oshirish institutida ichki ishlar organlarining safdor va serjant lavozimlariga tanlov asosida qabul qilingan bir guruh xodimlarning boshlangʻich kasbiy tayyorgarlik hamda “mayor” maxsus unvonini olish uchun oʻquv kurslari yakunlanishi munosabati bilan bitiruv tadbiri boʻlib oʻtdi.

Unda soʻzga chiqqan institut boshligʻi, polkovnik Olimjon Ahmedov, keyingi yillarda ichki ishlar organlari tizimlarida ham bir qator islohotlar amalga oshirilayotganligini taʼkidladi. Tadbirda soʻzga chiqqanlar ichki ishlar organlarini xalqning ishonchli himoyachisi sifatida xalqchil professional tuzilmaga aylantirish, sohani bilimli, zamonaviy fikrlaydigan, yuksak insoniy va yetuk salohiyatga ega yosh kadrlar bilan toʻldirish boʻyicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilayotganligini eʼtirof etdilar.

 Nazariy va amaliy mashgʻulotlar Malaka oshirish instituti professor-oʻqituvchilari va sohaviy xizmatlarning tajribali amaliyot xodimlari tomonidan nafaqat anʼanaviy usullarda, balki zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini hamda interfaol usullarni qoʻllagan holda davra suhbati, bahs-munozara, seminar-trening, amaliy mashgʻulot shakllarida olib borildi. Shuningdek, dam olish kunlari poytaxtimizning diqqatga sazovor joylariga sayohatlar tashkil etildi.

Oʻqish davomida tinglovchilarning kasbiy, huquqiy, ijtimoiy-siyosiy, jangovar, jismoniy, ruhiy, tibbiy tayyorgarligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratildi.

Tantanali tadbirda oʻquv dasturlar talablarini toʻliq oʻzlashtirgan yakuniy sinov-imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan tinglovchilarga diplom va sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.

Shuningdek, oʻquv kursi davomida oʻzining kasbiy bilimlarini oshirish, amaliy koʻnikmalarini takomillashtirish, dunyoqarashini yanada kengaytirishga intilib, yuqori koʻrsatkichlarga erishgan hamda namunali xulqi uchun bir guruh tinglovchilar faxriy yorliq va tashakkurnoma bilan taqdirlandi.

IIV Malaka oshirish instituti matbuot xizmati.