Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, general-mayor Gʻayrat Qodirov Doʻstlik tumanida boʻlib, huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish, aholi bandligini taʼminlash, isteʼmol mahsulotlari narxlarining sunʼiy oshirilishiga yoʻl qoʻymaslik borasida belgilangan chora-tadbirlar sifatini oʻrgandi. Chunonchi, 3-sektor rahbari Alisher Navoiy nomidagi mahalladagi savdo majmualari va shoxobchalaridagi oziq-ovqat hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari narxlarini koʻzdan kechirib, masʼullarga qimmatchilikning oldini olish boʻyicha tavsiya va topshiriqlar berdi.
Soʻng boshqarma boshligʻi mazkur mahalla fuqarolar yigʻini binosida yigʻin raisi, profilaktika inspektori, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faoli uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Shu joyda huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish va bandlikni taʼminlashga oid muammo va masalalar muhokama etildi. Mazkur jarayonda aholining ehtiyojmand qatlamiga subsidiya va kreditlar ajratish, ularni mehnat qurollari bilan taʼminlash, xonadonbay ishlash orqali qonunbuzarliklarga qarshi kurashish, ijtimoiy muammolarga yechim topish, yoshlarni sportga jalb qilish kabi masalalarga eʼtibor qaratildi.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi Gʻafur Gʻulom mahallasidagi 100 dan oshiq ishchi mehnat qilayotgan tikuvchilik sexiga ham bordi. Muloqot davomida tadbirkor qoʻshimcha bino ajratilishida koʻmak soʻradi. Masalaga yechim topish boʻyicha tuman 3-sektor rahbariga topshiriq berildi.
Boshqarma boshligʻi Chinobod mahallasidagi 2-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumiy taʼlim maktabida ham boʻldi. Inspektor-psixolog faoliyati oʻrganilib, yoʻl harakati xavfsizligi sinfida yaratilgan sharoitlar koʻzdan kechirildi. Soha vakillariga yozgi taʼtilda oʻquvchilarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, yoʻllarda koʻngilsiz hodisalarning oldini olishga doir topshiriq va tavsiyalar berildi.
Alijon ABDUSATTOROV,
“Rostda” muxbiri.
Jizzax viloyati.
