Urganch shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Zulayxo Mahkamova hamda IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati boshligʻining oʻrinbosari, polkovnik Umida Abdullaevalar tomonidan viloyat hududida ijtimoiy profilaktikani amalga oshirishning oʻziga xos tajribasini yaratishga qaratilgan seminar-trening boʻlib oʻtdi.
Bosh vazir oʻrinbosari rahbarligidagi ishchi guruh aʼzolari dastlab Yangibozor tumanidagi “Ochaqalʼa” mahallasida boʻlib, huquqbuzarlik sodir etishga moyil yoxud huquqbuzarlikdan jabrlanish ehtimoli yuqori boʻlgan shaxslar bilan “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishishdi.
Shundan soʻng, Yangibozor tumanidagi barcha mahallalar “beshligi”, viloyat IIOning XQMB katta inspektorlari hamda shahar va tuman ichki ishlar organlari xotin-qizlar masalalari boʻyicha boʻlinmalari huzuridagi “Toʻmaris izdoshlari” jamoaviy guruhlari aʼzolari ishtirokida seminar-trening tashkil etildi.
Shuningdek, mahalla raisi, profilaktika inspektori, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisining oʻziga biriktirilgan toifadagi shaxslarga profilaktik taʼsir koʻrsatish va ularni ijtimoiy moslashtirish faoliyati har chorak yakunida shahar va tuman miqyosida ichki ishlar organlari huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmalari boshliqlari, kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boʻlimi, yoshlar siyosati va sport boʻlimi tomonidan birgalikda muhokama qilinib, “mahalla beshligi”ning faoliyati baholanishi ishtirokchilar eʼtiboriga yetkazildi.
Seminar-trening kun tartibidagi mavzuga oid fikr-mulohazalarga boy tarzda oʻtdi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati.
