Mamlakatimizda 20-fevraldan 28-fevralga qadar “Inson huquqlari haftaligi” oʻtkazildi. Mazkur haftalik doirasida Fargʻona viloyatida ham bir qator tadbirlar, oʻquv mashgʻulotlari, uchrashuvlar tashkil etildi.

Jumladan, Fargʻona shahrida viloyat ichki ishlar organlarining tezkor-qidiruv, tergov boʻlimlari hamda 10-sonli tergov hibsxonasi xodimlari ishtirokida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida oʻquv kursi tashkil etildi.

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan Bosh prokuratura hamda Ichki ishlar vazirligi hamkorligida tashkil etilgan oʻquv kursidagi mashgʻulotlarni Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti professor-oʻqituvchilari olib bordilar.

Maʼlumki, insonni qiynoqqa solishdan maqsad, uning shaxsi va shaʼnini oyoqosti qilish, or-nomusi va qadr-qimmatini toptash hamda xoʻrlashdan iboratdir. Shuning uchun BMT va uning teng huquqli aʼzosi hisoblanuvchi Oʻzbekiston ham qiynoqlarni muayyan odamlar tomonidan boshqalarga nisbatan qoʻllanadigan eng gʻayriinsoniy qilmish sifatida har doim qoralab keladi.

Oʻquv kursi yakunida xodimlardan sinov imtihonlari qabul qilinib, belgilangan namunadagi sertifikatlar topshirildi. 

Haftalik doirasida Rishton tumani Zohidon qishlogʻida joylashgan 3-oʻrta maktabda huquqiy targʻibot tadbiri ham boʻlib oʻtdi. Shu yerda inson huquqlari yoʻnalishida chop etilgan yangi kitoblar taqdimoti oʻtkazilib, maktab kutubxonasiga sovgʻa qilindi. Maktabning fidoyi ustozlari hamda huquqiy bilimlarni puxta egallagan iqtidorli oʻquvchiga qimmatbaho esdalik sovgʻalari topshirildi.

Abduvosit SIDIQOV,

“Postda” muxbiri.

Fargʻona viloyati.