Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor Azizbek Ikramov Nishon tumanidagi “Jalajin” mahalla fuqarolar yigʻini hududida joylashgan 9-sonli umumtaʼlim maktabida boʻldi.
Tumandagi mutasaddi tashkilotlar rahbarlari bilan birga maktab sinfxonalariga kirgan vazir oʻrinbosari isitish tizimi bilan tanishdi. Maktab tabiiy gaz bilan isitishga moslashtirilgani bois yongʻin xavfsizligi qoidalariga qatʼiy rioya qilish, oʻquv sinflarida issiqlikni doimiy ravishda moʻʼtadil haroratda saqlab turish tavsiyasi berildi.
Tashrif jarayonida vazir oʻrinbosari tumandagi yana bir taʼlim muassasasi – 10-sonli maktabga ham bordi. Oʻrganishlar davomida sinf xonalarini isitish ahvoli, oʻquvchi va oʻqituvchilarga yaratib berilgan shart-sharoitlar koʻzdan kechirildi. Mutasaddilarga koʻmir zaxirasini koʻpaytirish lozimligi haqida koʻrsatma berildi.
Respublika ishchi guruhining oʻrganishlari davom etmoqda.
Qashqadaryo viloyati IIB Axborot xizmati
