Kasb fidoyisi

Sirdaryo viloyati IIB JXX JTSB mutaxassisi, katta serjant Adhamjon Qodirov fuqaroga ogʻir tan jarohat yetkazgan shaxs va uning sherigini qoʻlga oldi. 

Adhamjon xizmatdoshi bilan oʻziga biriktirilgan «Taraqqiyot» va «Navbahor» mahallalari oraligʻidagi koʻchada tungi navbatchilikni oʻtayotganida, yoʻl chetida turgan ayolni koʻrishdi. Uning aytishicha, besh daqiqa oldin koʻchadan eshitilgan oʻzaro tortishuv ovozi sabab uyidan yugurib chiqqan. Ikki nafar shaxs uni koʻrib, turli tomonga qochib ketishgan. Xodimlar asfalt yoʻlda qon izlarini koʻrib, huquqbuzarlarni qidirishga tushishdi. Adhamjon yuz metrlar yurgach, yoshi oʻttizlarda boʻlgan qora kiyimdagi shaxsga koʻzi tushdi. Oʻzini Sirdaryo tumani Baxt shahridan ekanini taʼkidlagan yigitni mashiga oʻtqazib, ortga qaytdi. U janjal boʻlganini tan oldi. Uni sherigiga topshirib, oʻzi yana qorongʻu koʻchaga otildi. 

Koʻchada daraxtlar orasidan oʻttiz yoshlardagi erkak toʻsatdan uning oldidan chiqdi. Qoʻlida pichogʻi bor. U doʻq urib, yaqinlashmaslikni talab qildi. Katta serjant Adhamjon Qodirov qarshilik koʻrsatish ogʻir ahvolga olib kelishini, pichoqni tashlashni aytdi. Yigitni chalgʻitib, qoʻlini qayirdi-da, bir zumda zararsizlantirdi. Bu orada sherigi ham yetib keldi. 

Maʼlum boʻlishicha, uch nafar erkak spirtli ichimlik taʼsirida oʻzaro janjallashib qolishgan. Ulardan biri qoʻlida pichoq bilan shu yerda yashovchi shaxsga ogʻir tan jarohati yetkazgan. Xodimlar yetib kelguncha, jarohatlangan shaxsni turmush oʻrtogʻi uyiga sudrab olib kirib ketgan. Qilmishidan qoʻrqib ketgan shaxs esa sherigi bilan qochib qolgan. Tungi navbatchilikni oʻtayotgan xodimlarning hushyorligi va jasorati evaziga jinoyatchilar qoʻlga olinib, jinoyat issiq izida fosh etildi.

Katta serjant Adhamjon Qodirov Boyovut tumanida tugʻilgan. 2012 yildan beri ichki ishlar tizimida. Toʻrt nafar farzandi bor. 

Abdurahmon MUSTAFOQULOV,

oʻz muxbirimiz.

Sirdaryo viloyati.