Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasida ayni kunlarda viloyatda oʻtkazilayotgan “Xavfsiz hudud” profilaktik tadbirlarini samarali tashkil etishga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Ichki ishlar organlarining jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi hamda yoʻl harakati xavfsizligi sohaviy xizmatlari vakillari ishtirokida oʻtgan tadbirni viloyat IIB boshligʻining oʻrinbosari, podpolkovnik Rahmatulla Boʻriyev boshqarib bordi.  

Yigʻilish davomida ichki ishlar organlarida hisobda turganlar, muqaddam sudlanganlar, jinoyat sodir etishga moyil shaxslar bilan profilaktik tadbirlarni amalga oshirish, uyma-uy yurib, fuqarolarning muammolarini aniqlash va bartaraf etish choralarini koʻrish, yongʻin xavfsizligi qoidalariga amal qilish, is gazidan zaharlanishning oldini olish, kiberjinoyatlardan himoyalanish boʻyicha targʻibot uyushtirish yuzasidan topshiriqlar berildi. Shuningdek, taʼlim va sogʻliqni saqlash muassasalarining isitilishi, gavjum joylar va maktablarga yondosh yoʻllarda harakat xavfsizligini taʼminlash masalalari koʻrib chiqildi.

Alijon ABDUSATTOROV,

“Postda” muxbiri.

Jizzax viloyati.