Fargʻona viloyati IIBda tashkil etilgan navbatdagi matbuot anjumanida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish hamda hududlarni raqamlashtirish borasida 2023–2024-yillarda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar hamda ijtimoiy tarmoq faollari bilan ochiq va samimiy muloqot oʻtkazildi.
Dastlab, viloyat ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar taqdimoti aks ettirilgan videorolik namoyish etildi. Unda qayd etilganidek, hududdagi tezkor-kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash borasida bir qator profilaktik chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “qizil” toifadagi 253 ta mahallaga viloyatdagi mutasaddilar, 109 ta ogʻir mahallaga esa prokuratura masʼul xodimlari biriktirildi. Yurtboshimizning Fargʻonaga tashrifida belgilangan 6 ta yoʻnalishdagi topshiriqlar esa alohida nazoratga olindi.
Shuningdek, “Xavfsiz mahalla – xavfsiz xonadon”, “Xavfsiz hudud”, “Bumerang”, “Tigʻ”, “Davomat”, “Oʻsmir” tezkor profilaktik tadbirlari oʻtkazildi. “Fuqarobay” ish tashkil etilib, 86 mingdan ortiq alohida eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan shaxslar bilan individual ish tashkil etildi.
Viloyatdagi mavjud 178 ta “Jamoatchilik nazorati maskanlari” faoliyati tiklandi. Tezkor tadbirlar oʻtkazilib, qidiruvdagi 756 nafar shaxs aniqlandi. Shuningdek, “qizil” toifada boʻlgan 253 ta mahallaning 35 tasi “qizil” toifadan chiqarildi. Viloyatda raqamlashtirish darajasi ham 30 foizga yaxshilandi. Hududlarga oʻrnatilgan videokuzatuv kameralarining 5701 tasi ichki ishlar boʻlimlari hamda tayanch punktlariga integratsiya qilindi.
Oʻtkazilgan tadbirlar ijobiy samara berib, joriy yilning oʻtgan 4 oyi davomida qayd etilgan umumiy jinoyatlar 14,8 foizga, oldini olish mumkin boʻlgan jinoyatlar 23,6 foizga, mahallalarda sodir etilgan jinoyatlar esa 24 foizga kamaydi.
Anjuman davomida ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar tergov, profilaktika, jamoat tartibini saqlash, yoʻl-patrulʼ, probasiya xizmatlari va kiberxavfsizlik bilan bogʻliq savollarga mazkur soha mutaxassislaridan yetarlicha javob olishdi. Shu bilan birga, viloyat IIB Axborot xizmati faoliyatini takomillashtirish, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan hamkorlikni yanada yaxshilash, tezkor axborotlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish borasida aniq takliflar muhokama qilindi.
Abduvosit SIDIQOV,
oʻz muxbirimiz.
Fargʻona viloyati.
