Kun qahramoni
1991 yil Termiz shahrida tugʻilgan. 2014 yilda IIV Akademiyasini tamomlab, viloyat IIB Ekspert-kriminalistika boʻlimi shaxsni identifikatsiya qilish boʻyicha avtomatlashtirilgan boʻlinmasi eksperti vazifasida xizmat faoliyatini boshlagan. Ayni paytda viloyat IIB EKBda davlat oʻq-gilzotekasini yuritish guruhi katta eksperti sifatida koʻplab jinoyatlarni fosh etishda, «Arsenal» tadbirlarida topilgan qurollarning holatini aniqlashda faollik koʻrsatib kelmoqda.
Ekspert-kriminalistikada shaxsi nomaʼlum boʻlgan murdalarni aniqlash anchagina mashaqqatni talab etadi. Joriy yil yanvar oyida Termiz shahridagi Shodlik koʻchasida shaxsi nomaʼlum kishi vafot etadi. Bu haqda EKB xodimlariga xabar kelgach, voqea joyiga navbatchilik qismi bilan birga kapitan Fozil Hasanov ham yetib boradi. Murdani koʻzdan kechirib, uning oʻnga yaqin barmoq izlarini oladi. Shundan soʻng barmoq izlari avtomatlashtirilgan daktiloskopik taqqoslash tizimi orqali tekshirilganida, jasad Termiz shahrida yashovchi 61 yoshli G.G.ga tegishli ekani aniqlandi.
Oʻz ishini puxta bajaradigan Fozil Hasanov hamkasblariga oʻrnak boʻla olgani va berilgan vazifani toʻla ado etib, jinoyatni fosh etishga yordam beradigan topilmalarni koʻrsatgani uchun koʻp marotaba ragʻbatlantirilgan.
Yosh va gʻayratli ekspert-kriminalistga keyingi faoliyatida ham aniqlik va hushyorlikni qoʻldan boy bermagan holda ishlashida muvaffaqiyatlar tilaymiz.
Feruza RAHMONQULOVA,
«Postda» muxbiri.
Surxondaryo viloyati.
