Katta leytenant Shahruzjon Savriev 1996 yilda Buxoro viloyatining Buxoro tumanida ishchi oilasida tugʻilgan. 2018 yili IIV Akademiyasini ekspert-kriminalist mutaxassisligi boʻyicha tamomlagan. Shu yili Kogon shahar IIB ekspert-kriminalistika guruhi katta eksperti lavozimida xizmat faoliyatini boshladi va ayni paytda ham samarali xizmat qilib kelmoqda.

Shu yilning 11 yanvarida shaharning Uzumzor koʻchasidagi xonadonlardan birida sodir etilgan oʻgʻirlik holati boʻyicha katta leytenant Sh. Savriev hodisa joyini koʻzdan kechirish jarayonida qoʻl barmoq izlarini oldi. Soʻng zudlik bilan olingan barmoq izlarini viloyat IIB EKB shaxsni identifikasiya qilish boʻyicha avtomatlashtirilgan tizim boʻlinmasiga uzatdi. Pirovardida xonadon kirish eshigining tashqi yuzasidan olingan barmoq izlari shaharning Qorovulbozor shoh koʻchasida yashovchi A.Oʻ.ning oʻng qoʻl koʻrsatkich, oʻrta va nomsiz barmoqlaridan qoldirilganligi aniqlandi. Shu tariqa, jinoyat tezkorlik bilan ochildi.

Yana bir oʻgʻrilik shaharning Yangi Kogon koʻchasidagi savdo doʻkonida sodir etildi. Katta leytenant Sh. Savriev tergov-tezkor guruhi tarkibida hodisa joyini koʻzdan kechirdi va anchagina barmoq izlarini oldi. Bularni ham viloyat IIB EKBga yubordi. Natijada barmoq izlari Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida yashovchi, 1998 yilda tugʻilgan X.O.ga tegishli ekanligi aniqlanib, jinoyat “issiq izida” fosh etilishiga erishildi. 

Yosh ekspert, katta leytenant Shahruzjon Savrievning oʻtgan uch yillik xizmat faoliyatidan bu kabi misollarni yana koʻplab keltirish mumkin. Erishayotgan yutuqlarida sohaning sir-asrorlarini oʻrgatishda jonbozlik koʻrsatgan ustozlari, ayniqsa, viloyat IIB EKB boshligʻi oʻrinbosari, podpolkovnik Erkin Rajabov va bosh ekspert, mayor Shavkat Fozilovlarning xizmati kattaligini alohida taʼkidlaydi. 

Shahruzjon joriy yilning oʻtgan davrida 29 marotaba tergov-tezkor guruhi tarkibida hodisa joyiga chiqib, ashyoviy dalillar oldi. Shundan bittasi qasddan odam oʻldirish, yettitasi oʻgʻrilik, ikkitasi oʻz joniga qasd qilish va boshqa turdagi jinoyatlar hisoblanadi. Oʻgʻrilik jinoyatlarining ikkitasi shaxsan Sh. Savrievning saʼy-harakatlari natijasida fosh etildi. Uning bu kabi xizmatlarini rahbariyat doimo taqdirlab kelmoqda. Jumladan, oʻtgan yil kasb bayrami arafasida viloyat IIB boshligʻi uni faxriy yorliq bilan taqdirladi.


Mirzoqul AHADOV,

“Postda” muxbiri.

 Buxoro viloyati.