– Erta tongda «beshlik» aʼzolari hammamiz idorada toʻplanib, kunlik qiladigan ishlarimizni maslahatlashib olib, shunga qarab reja tuzamiz – deydi mayor Shokirjon Karimov. «Xonadonbay» oʻrganishlarga birinchi galdagi yumush sifatida qarayapmiz. Beshta mutasaddi biror xonadonga oʻrganishga kirsak, qay­si yoʻnalishdagi muammo boʻlsa, darrov yechim topilyapti. Hokim yordamchisi bandlik, tadbirkorlik va kredit masalasida oʻz tavsiyalarini bersa, yoshlar yetakchisi oiladagi yoshlar muammosini oʻrganmoqda. Xotin-qizlar faoli esa ayollar bilan sirlashyapti. Men esa huquqiy maslahatlarimni beryapman.

Fuqarolar yigʻini raisi Mohira­xon Tursunovaning taʼkidlashicha, ayni kunda hududda 18 nafar tadbirkor faoliyat koʻrsatayotgan boʻlsa, ularning sonini koʻpaytirishga jiddiy eʼtibor qaratilyapti. Hokim yordamchisi shu sohaga qiziquvchi fuqarolar bilan gaplashib, amaliy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, imtiyozli kredit olib berishda koʻmaklashyapti. 100 ga yaqin xonadonda issiqxonalar mavjud boʻlib, limon, pomidor, bodring va ziravor yetishtiriladi.

Masalan, «Ayollar daftari» roʻy­xatiga olingan Muqaddam Joʻrayevaga imtiyozli kredit asosida 5 ta tikuv mashinasi olib berilgach, u kichik sex tashkil etib, qoʻlida hunari bor ayollarni ish bilan taʼminladi. Aholining kam taʼminlangan qatlamini ish bilan taʼminlash maq­sadida 80 nafarga yaqin xotin-qiz tirikotaj va boshqa mahsulotlar ishlab chiqaruvchi tadbirkorlarga kasanachilik asosida biriktirilgan.

Fuqarolarning ish bilan band boʻlgani, bekorchilar­ning yoʻqligi, eng muhimi, barcha ishlar hamjihatlikda olib borilayotgani tufayli «Kichik Kenagas» obod va xavfsiz mahallaga aylanmoqda.

– Nafaqat Kichik Kenagas, balki boshqa mahallalarda ham jinoyatchilikni jilovlashda faxriylar taj­ribasidan unumli foyda­lanyapmiz, – deydi Uchkoʻprik tumani IIB boshligʻining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, podpolkovnik Azizbek Umarov. – Har bir profilaktika inspektoriga oʻzi xizmat olib borayotgan hududdan bir nafar faxriy maslahatchi etib birikti­rilyapti. Endilikda inspektorlar faxriylarning oʻgit va maslahatlariga tayangan holda ish olib borishadi. Oʻylaymizki, tajribaga ega ustozlarning yordami yosh xodimlarning kasbiy mahoratini oshirishda qoʻl keladi.

Abduvosit SIDIQOV,

oʻz muxbirimiz.

Fargʻona viloyati.