Isteʼfodagi katta leytenant Erkaboy Rajabov bizni kutib olish uchun koʻchaga chiqqan ekan. Uning oppoq soqoli oʻziga chunonam yarashib turardi. 1969 yilda Toshkent shahar IIB DANB yoʻl-patrul inspektori lavozimida faoliyatini boshlagan bu hamkasbimiz keyinroq oilaviy sharoiti tufayli ota yurti Xorazmga qaytib, xizmatni davom ettirdi. U uzoq yillik faoliyati davomida koʻplab yosh xodimlarga kasbining sir-asrorlarini oʻrgatdi. Ularga el osoyishtaligini taʼminlash borasida oʻrnak koʻrsatib, izzat-ikrom bilan pensiyaga kuzatildi.
Yillar quvlashmachoq oʻynab oʻtaverar ekan. Endi Erkaboy akaning koʻzdan nur qochib, qulogʻi ham ogʻir tortmoqda. Lekin hali oʻzi tetik, tillari burro, yuzidan mehr yogʻilib turibdi. Ayniqsa, hamkasblari tashrifidan va IIV Faxriylar kengashining "Oʻzbekiston IIV faxriysi" koʻkrak nishoni bilan taqdilanganidan boshi osmonga yetdi.
Isteʼfodagi mayor Zaripboy Eshchonov xonadonining fayzi ham doʻstlar tashrifidan yanada ortdi. Noz-neʼmat toʻla dasturxon atrofida dildan suhbatlashildi. Eshchonovlar sulolasining salkam 30 nafar vakili huquq-tartibot idoralarida faoliyat koʻrsatib, shonli anʼanalarga sadoqatini namoyish qilib kelmoqda. Ana shunday ajoyib sulolaning yetakchilaridan biri boʻlgan Zaripboy ogʻaga Oʻzbekiston Respublikasi IIV Faxriylar kengashining Faxriy yorligʻi topshirildi. Shuningdek, har ikkala faxriyga YHXB rahbariyatining esdalik sovgʻalari taqdim etildi.
Gʻayrat BOLTABOYEV,
Oʻzbekiston Respublikasi IIV Faxriylar kengashi
raisi oʻrinbosari, isteʼfodagi polkovnik.
