Xorazm viloyati Iibda mamlakatimiz Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 30 yilligiga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi. Unda boshqarma shaxsiy tarkibi, hududiy va sohaviy xizmatlarning xodimlari hamda uzoq yillar davomida ichki ishlar organlarida samarali xizmat qilgan bir guruh faxriylar ishtirok etishdi.
Ushbu bayram tadbirida viloyat IIB boshligʻi, general-mayor Davron Nazarmuhamedov soʻzga chiqib, yigʻilganlarni mazkur sana bilan samimiy qutladi hamda Konstitutsiyamizda belgilab berilgan huquqiy demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyati qurish yoʻlidagi jarayonlar ijobiy samara berayotgani, Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlar fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini taʼminlashga, ertangi kunimizga boʻlgan ishonchning ortishiga hamda turmush tarzining yaxshilanishiga, shaxs va davlat xavfsizligini taʼminlashga qaratilganligini taʼkidladi.
Shundan soʻng, yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, uning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy sohalardagi rivojiga oʻzining munosib hissasini qoʻshib kelayotgan bir guruh ichki ishlar organlari xodimlari hamda faxriylariga “Oʻzbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” koʻkrak nishoni tantanali ravishda topshirildi. Tadbirda soʻzga chiqqanlar ushbu yuksak mukofot mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlikni taʼminlashdek sharafli vazifani amalga oshirishda yanada katta masʼuliyat yuklashini eʼtirof etishdi.
Xudoybergan JABBOROV,
“Postda” muxbiri.
