IIV Malaka oshirish instituti Bektemir bazasida institut shaxsiy tarkibi hamda ichki ishlar organlarining “mayor” maxsus unvonini olish uchun kelgan malaka oshirish oʻquv kursi tinglovchilari bilan “Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatining dolzarb masalalari” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.

Unda Toshkent viloyat sudining sudyasi, yuridik fanlar boʻyicha falsafa doktori, dosent Umid Saydahmedov, IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Taʼlim muassasalari boʻyicha boʻlim boshligʻi, podpolkovnik Temur Bayjanovlar oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etdi.

Institut boshligʻi, polkovnik Olimjon Ahmedov tadbirni ochib, jamiyat taraqqiyotiga toʻsqinlik qiladigan salbiy illatlardan biri sanalgan korrupsiyadan saqlanish va uning qurboniga aylanmaslik toʻgʻrisida qisqacha toʻxtalib oʻtdi.

Shundan soʻng U. Saydahmedov korrupsiyaga qarshi mamlakatimizda jiddiy kurash olib borilayotganligiga qaramay, hali ham bundan xulosa chiqarmayotganlar borligiga alohida urgʻu berdi. Shuningdek, korrupsiyani vujudga keltiruvchi omillar, shart-sharoitlar va unga qarshi kurashishda xorijiy mamlakatlarda olib borilayotgan usullar toʻgʻrisida maʼlumotlar berib oʻtdi.

Davra suhbatida podpolkovnik Temur Bayjanov tomonidan xodimlar xizmat intizomi va qonuniylikka ogʻishmay rioya qilishi, vazirlik va institut rahbariyatining meʼyoriy buyruqlari va koʻrsatmalarini bajarishda eʼtibor qaratish lozim boʻlgan jihatlar xususida yoʻriqnomalar berildi.

Uchrashuv soʻngida U. Saydahmedovga institut rahbariyati tomonidan minnatdorchilik bildirilib, tashakkurnoma va esdalik sovgʻalari topshirildi.

IIV Malaka oshirish instituti matbuot xizmati.