Bugun mamlakatimizda jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda huquqbuzarliklarni oldini olish nafaqat ichki ishlar organlarining, balki huquqni muhofaza qiluvchi barcha tashkilotlar faoliyatining muhim yoʻnalishlaridan sanaladi. Xususan, Navoiy viloyati IIB boshligʻi, viloyat prokurori hamda Milliy gvardiya Navoiy viloyati boʻyicha boshqarmasi boshliqlari oʻzaro hamkorlikda shahar hududida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. 

Bundan koʻzlangan maqsad Navoiy shahri hududida jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurashishdan iborat.

“Xavfsiz tun” tadbirlarini tashkil etish jarayoni, koʻcha va jamoat joylariga biriktirilgan xodimlarning tungi faoliyati, shuningdek, patrul post, profilaktika inspektori va Milliy gvardiya xodimlari hamkorligida tashkil etilgan navbatchilik hamda tezkor chaqiruv tugmalari faoliyati koʻzdan kechirildi. Oʻrganishalar davomida hududlardagi talabalar yotoqxonasi, kafe-bar, dorixona va savdo doʻkonlari qorovullari bilan suhbatlashildi.



Mazkur jarayonda shahardagi mahallalarda sodir etilgan jinoyatlarning sabab va omillari, mahalla beshligi, yaʼni fuqarolar yigʻini raisi, profilaktika inspektori, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faolining huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan faoliyatiga eʼtibor qaratildi. Shuningdek, rahbarlar hudud tinchligi va osoyishtaligiga masʼul xodimlar faoliyati bilan bogʻliq kelgusida bajarilishi lozim boʻlgan ishlar hamda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar yuzasidan oʻz tavsiya va topshiriqlarini berishdi. 

 

Mahliyo XOLOVA,

oʻz muxbirimiz.

Navoiy viloyati.