Mayor Bahrimurod Ergashev 1985 yilda Jizzax viloyati Zafarobod tumanida tugʻilgan. 2010 yilda Jizzax davlat pedagogika institutini tamomladi. Sohadagi faoliyatini 2011 yilda Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmasi ichki ishlar organlari tayanch punktlari profilaktika inspektori lavozimida boshlagan. Ayni vaqtda u profilaktika katta inspektori.

Bahrimurod Ergashev masʼuliyatli xodim sifatida shaxsiy tarkib hurmatini qozongan. U huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatlarni fosh qilish borasida yuqori samaradorlikka erishib kelmoqda. Chunonchi, 2020 yilda 1 ta jinoyatni fosh etib, 145 ta maʼmuriy huquqbuzarliklarni aniqladi. U tomonidan muqaddam sudlangan 4 nafar shaxs ustidan maʼmuriy nazorat oʻrnatilgan, 8 kishi majburiy davolanishga yotqizildi. 2 fuqaro esa reabilitatsiya qilish markaziga joylashtirildi.

Shuningdek, mayor pandemiya davrida fuqarolarning karantin qoidalariga amal qilishini nazorat qildi. Shu bilan birga, mahalla faollari bilan birgalikda ehtiyojmand oilalarga samarali yordam koʻrsatilishiga erishdi. Uning tashabbusi bilan 20 dan oshiq oilaga doimiy ravishda ijtimoiy koʻmak berildi. Aholini ishga joylashtirish, kam taʼminlangan oilalarga imtiyozli kredit va yer maydoni ajratilishida faollik koʻrsatdi. Mayor Bahrimurod Ergashevning bu kabi ezgu ishlari eʼtiborga olinib, “Mehr-saxovat” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.

Joriy yilda ham u fidoyilik bilan xizmat qilmoqda. 2021 yilning 25 yanvarida Sharof Rashidov tumani «Toshkentlik» mahalla fuqarolar yigʻinida sodir etilgan oʻgʻirlik jinoyatini issiq izida ochishga muvaffaq boʻldi. Jinoyatchi uy eshigining ochiqligi va hech kim yoʻqligidan foydalanib, jabrlanuvchining yotoqxonasidagi shkafdan 4 dona tilla uzuk, 1 dona qoʻl zanjiri, 1 dona bilakuzuk va 1 dona zanjirni olib ketgandi. Profilaktika katta inspektori tomonidan olib borilgan tezkor qidiruv natijasida oʻgʻirlik jabrlanuvchining mahalladoshi M.X. tomonidan sodir etilgani aniqlandi.    

Oʻzini oʻzi boshqarish organlari faollari bilan birga aholi oʻrtasida huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan targʻibot tadbirlarini muntazam oʻtkazib kelayotgan Bahrimurod Ergashev ichki ishlar organlarining yosh xodimlariga har jabhada oʻrnak boʻlmoqda. 

Alijon ABDUSATTOROV,

“Rostda” muxbiri.

Jizzax viloyati.