Ona Vatan osoyishtaligining jonkuyar himoyachisi boʻlishni yoshligidan orzu qilgan kapitan Arzibek Yesemuratov 1989 yilning 15 fevral kuni poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumanida tavallud topgan. Dastlab, u 2008 yilda Toshkent sanoat kasb-hunar kollejini, soʻngra esa, hozirgi Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetini muvaffaqiyatli tamomlaydi.
Ilk xizmat faoliyatini 2011 yili poytaxt IIBB PPX brigadasi 1-otryad safdor-militsioneri lavozimida boshlagan yosh xodim ustozlaridan kasb sirlarini mukammal oʻrganib, 2015 yildan IIV Qorovul qoʻshinlariga qarashli Navoiy viloyatida joylashgan 7532-harbiy qismda, 2017 yildan esa, Toshkent shahridagi 7534-harbiy qismda vzvod komandirining tarbiyaviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, 2020 yildan mazkur harbiy qism batalon komandirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari lavozimida samarali xizmat qilib kelayotir.
Shuningdek, tirishqoqligi va uddaburonligi bilan barchaga namuna boʻlib kelayotgan tinib-tinchimas bu yigit oʻziga berilgan topshiriqlarni ham fidoyilik bilan ado etyapti. Shu bilan birga, shaxsiy tarkibning jangovar tayyorgarligini oshirishda ham oʻzining munosib hissasini qoʻshib kelmoqda.
Bundan tashqari, yosh harbiy xizmatchilarni ona Vatanga sadoqat va mehr-muhabbat ruhida tarbiyalash va harbiy intizomni mustahkamlashda ham qism qoʻmondonligiga yaqindan yordam berayotir.
Shu sababli, xizmati davomida ijobiy natijalarga erishib kelayotgan kapitan Arzibek Yesemuratovning ona yurtimiz osoyishtaligi yoʻlidagi mashaqqatli xizmatlari rahbariyat tomonidan ham munosib baholanib, koʻplab marotaba ragʻbatlantirilgan.
Shunday ekan, biz ham uning kelgusi faoliyatida ulkan zafarlar tilab, bundan-da, yuqori marralarni zabt etishini soʻrab qolamiz!
Mixli SAFAROV,
“Postda” muxbiri.
