Ona Vatanimiz osoyishtaligi yoʻlida kunu tun masʼuliyat bilan xizmat qilib, uning tinchligini koʻz qorachigʻidek asrab kelayotgan jonkuyar harbiylarimizdan biri katta leytenant Ismoil Nomozovdir. U 1995 yilning 5 dekabr kuni Samarqand viloyatining Urgut tumanida tavallud topgan. 2019 yilda hozirgi Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetini muvaffaqiyatli tamomlaydi. 

Ilk xizmat faoliyatini 2019 yili IIV Qorovul qoʻshinlariga qarashli Navoiy viloyatida joylashgan 7532-harbiy qismda guruh komandiri lavozimida boshlagan yosh harbiy ustozlari yordamida kasb sir-asrorlarini mukammal egallab, hozirda vzvod komandirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari lavozimida samarali faoliyat yuritmoqda.

Bundan tashqari, oʻzining tirishqoqligi, harakatchanligi va uddaburonligi bilan barchaga namuna boʻlib kelayotgan tinib-tinchimas bu yigit, oʻziga berilgan topshiriq va vazifalarni ham jonkuyarlik bilan ado etib, boshqa safdoshlariga ham namuna boʻlib kelmoqda. 

Shuningdek, shaxsiy tarkibning maʼnaviy salohiyatini oshirishda, yosh harbiy xizmatchilarni ona Vatanga sadoqat va mehr-muhabbat ruhida tarbiyalash hamda harbiy intizomni mustahkamlashda ham oʻzining fidoyiligi bilan harbiy qism qoʻmondonligiga yaqindan yordam berib kelyapti. 

Shu boisdan, faoliyati davomida ijobiy natijalarga erishib kelayotgan katta leytenant Ismoil Nomozovning ona yurtimiz osoyishtaligi yoʻlidagi mashaqqatli xizmatlari rahbariyat tomonidan ham munosib eʼtirof etilib, koʻplab marotaba ragʻbatlantirib kelinmoqda. 

Mixli SAFAROV,

“Postda” muxbiri.