Yurtimiz tinchligi yoʻlida kunu tun oʻzining beminnat xizmatini ayamay kelayotgan harbiylarimizdan biri III darajali serjant Ulugʻbek Mamadaliyevdir. U 1990 yilning 23 sentyabr kuni soʻlim va betakror Namangan viloyatida tavallud topgan. 2013 yilda mazkur hududdagi Serjantlar tayyorlash maktabini muvaffaqiyatli tamomlaydi.
Ilk xizmat faoliyatini 2010 yili IIV Qorovul qoʻshinlariga qarashli Namangan viloyatida joylashgan 7552-harbiy qism nazoratchi-oʻqchi lavozimida boshlagan yosh harbiy ustozlari koʻmagida kasb sirlarini mukammal oʻrganib, hozirda harbiy qism Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar guruhi boshligʻi lavozimida samarali faoliyat olib bormoqda.
Shuningdek, oʻzining tashabbuskorligi va uddaburonligi bilan barchaga namuna boʻlib kelayotgan tinib-tinchimas bu yigit, oʻziga yuklatilgan vazifalarni ham fidoyilik bilan ado etib, boshqa safdoshlariga ham namuna boʻlayotir.
Bundan tashqari, shaxsiy tarkibning maʼnaviy salohiyatini oshirishda, yosh harbiy xizmatchilarni ona Vatanga sadoqat va mehr-muhabbat ruhida tarbiyalash hamda harbiy intizomni mustahkamlashda ham oʻzining jonkuyarligi bilan harbiy qism qoʻmondonligiga yaqindan yordam berib kelmoqda.
Shu boisdan faoliyati davomida yuqori natijalarga erishib kelayotgan III darajali serjant Ulugʻbek Mamadaliyevning ona Vatanimiz osoyishtaligi yoʻlidagi mashaqqatli xizmatlari rahbariyat tomonidan ham munosib qadrlanib, bir necha marotaba mukofotlangan.
Mixli SAFAROV,
“Postda” muxbiri.
