Jizzax shahar IIB 3-sonli ichki ishlar boʻlimi huquqbuzarliklar profilaktikasi guruhi tayanch punktlari profilaktika inspektori, kapitan Jamshid Ziyayev 1988 yilda Jizzax shahrida tugʻilgan. U ichki ishlar organlaridagi faoliyatini 2013 yilda boshladi. Ayni vaqtda egallab turgan lavozimida 2020 yilning martidan buyon xizmat qilmoqda. 2021 yilda u 100 ga yaqin huquqbuzarliklarni aniqladi. Shuningdek, bir qancha jinoyatlarni fosh qildi.
Chunonchi, Jizzax shahrining Amir Temur nomidagi mahallada yashovchi X.M. ichki ishlar organlariga murojaat qilib, Jizzax shahrining Madaniyat mahallasi hududida joylashgan maishiy texnikalar doʻkoni qarshisida uyali aloqa vositasini nomaʼlum shaxs oʻgʻirlab ketganligini bildirgan. Mazkur jinoyatni fosh qilish Jamshid Ziyayevga topshirildi. U surishtiruv oʻtkazish bilan birga hududdagi kuzatuv kameralari tasvirlarini oʻrganib chiqdi.
Mazkur jarayonda oʻzini shubhali tutgan shaxs kapitanning eʼtiborini tortdi va u gumonlanuvchini Jizzax shahrining Yoshlik mahallasida qoʻlga oldi. Ushbu fuqaro Gʻallaorol tumanining “Mirzabuloq” qishloq fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi Q.A. boʻlib chiqdi. Ayblanuvchidan oʻgʻirlangan uyali aloqa vositasi hujjatlashtirib olindi.
Kapitan Jamshid Ziyayev doimiy ravishda oʻz kasbiy mahoratini oshirib bormoqda. U oʻzining samarali faoliyati bilan fuqarolarning ichki ishlar organlariga boʻlgan ishonchini mustahkamlashga katta hissa qoʻshyapti.
Alijon ABDUSATTOROV,
“Postda” muxbiri.
Jizzax viloyati.
