Sirdaryo viloyati IIB Kadrlar boshqarmasi, maʼnaviy-tarbiyaviy ishlar va ijtimoiy himoya boʻlimi, psixologik taʼminlash guruhi bosh psixologi, katta leytenant Hamidjon Jumaboev 1990 yilda Guliston shahri tugʻilgan.
Bolaligidan intiluvchan, masʼuliyatli etib tarbiyalangan Hamidjonning qalbida yetuk inson boʻlish orzusi kurtak ota boshladi. Oʻrta maktabning 9-sinfini tugatgach, Fargʻona viloyatidagi huquqshunoslikka ixtisoslashgan liseyga qabul qilindi. 2009 yilda Oʻzbekiston Milliy universitetining ijtimoiy fanlar fakulʼtetining psixologiya yoʻnalishida tahsil oldi.
Oliy taʼlim muassasasini muvaffaqiyatli yakunlagan Hamidjon Jumaboev oʻzi tahsil olgan Guliston shahridagi 13-maktabda ish boshladi. Uning hayotdagi eng katta orzularidan biri 2014 yilda amalga oshdi. Oʻsha yili Sirdaryo viloyat IIB PPX JTSBning maxsus otryadiga safdor etib xizmatga qabul qilindi. 2016 — 17-yillarda viloyat IIBga bevosita boʻysunuvchi alohida vazifalarni bajaruvchi safarbar otryadi katta mutaxassis-psixologi sifatida xizmat qildi. Oʻz vazifasiga boʻlgan munosabati, mehnatsevarligi eʼtiboridan chetda qolmadi. 2017-18-yillarda Mirzaobod tumani IIB kadrlar guruhi katta inspektori, 2019 yildan hozirga qadar viloyat IIB Kadrlar boshqarmasi, maʼnaviy-tarbiyaviy ishlar va ijtimoiy himoya boʻlimi psixologik taʼminlash guruhi bosh inspektor-psixologi vazifasida xizmat qilib kelmoqda.
U qaysi vazifada xizmat qilmasin oʻz oldiga katta maqsadlarni qoʻyadigan, yuqori samardorlikka erishishga intiladigan kadr sifatida barchada ijobiy taassurot qoldiradi. Bosh inspektor-psixolog sifatida xodimlarning ruhiy barqarorligi, xizmat samardorligini oshirishga katta eʼtibor qaratadi. Xodimlarni psixologik jihatdan tahlil, testlardan oʻtkazib, ruhiy holatini toifalab oladi. Ruhiy charchoq holatidagi xodimlar bilan alohida ishlab, ularga psixologik koʻmak koʻrsatadi. Jumladan, ayni paytda tizimdagi yuzga yaqin ana shunday xodimlar bilan doimiy treninglar tashkil etib kelmoqda. Bu bilan cheklanib qolmay, ularning oiladagi munosabatlarini ham oʻrganib, muammolarni yechishda koʻmaklashadi. Bu esa ayrim xodimlarning oilasidagi tushunmovchiliklarning oldini olmoqda.
Xodimlarning psixologik barqarorligini taʼminlashda maʼnaviy-maʼrifiy, sport tadbirlari oʻtkazishga katta ahamiyat beradi. Faoliyati davomida xodimlarning oilaviy teatr, konsert, kutubxonalarga tashrifini tashkillashtirilishi, ular oʻrtasida sport musobaqalari oʻtkazilishining bosh tashabbuskorlaridan biridir. Yil boshidan buyon xodimlar oʻrtasida yigirmadan ortiq ana shunday tadbir tashkil etildi.
Hamidjon ichki ishlar organlari tizimiga yosh kadrlarni tayyorlash, ularni saralashda hushyorligi, talabchanligi va sinchkovligi bilan katta hissa qoʻshib kelmoqda. Ayniqsa, Gulistondagi “Temurbeklar maktabi”, IIV Sirdaryo akademik liseyiga oʻquvchilarni saralashda uning ishtiroki foydali boʻlmoqda.
Abdurahmon MUSTAFOQULOV,
«Postda» muxbiri.
Sirdaryo viloyati.
