1994 yilda Navoiy viloyati Karmana tumanida ishchi oilasida tugʻilgan, ismi jismiga mos Javohir bolaligidayoq aksar tengdoshlaridan koʻp jihatlari bilan ajralib turardi. Maktabni aʼlo baholarga tugatgach, hech ikkilanmasdan oʻzi orzu qilgan oliy taʼlimi muassasasi - IIV Akademiyasiga hujjat topshirdi. Akademiyani muvaffaqiyatli tamomlagach, ilk faoliyatini Navoiy viloyati Navbahor tumani IIB huzuridagi Tergov boʻlimida boshladi.

Ayni vaqtda katta leytenant Javohir Fayziev Navoiy viloyati IIB TXTB huzuridagi Tergov guruhi surishtiruchisi lavozimida faoliyat koʻrsatyapti. Joriy yil hisobida oʻgʻrilik, firibgarlik, oʻzlashtirish, hujjatlarni soxtalashtirish kabi holatlar bilan bogʻliq jami 6 ta jinoyat ishi boʻyicha surishtiruv harakatlari olib bordi. Ularning 3 tasi ayblov dalolatnomasi, 3 tasi esa yarashuv bilan yakunlangan.

Mart oyida temir yoʻl vagonlarida yoqilgʻini talon-taroj qilgan bir guruh shaxslar ishi boʻyicha surishtiruv olib borayotganida, unga katta miqdorda pora taklif qilindi. Gumon qilinuvchiga bu qilmishi qonunga zid ekanligini tushuntirishiga qaramay, u pora taklif qilishda davom etdi. Shu sababli mazkur shaxsga nisbatan qonuniy chora koʻrildi.

Halol xizmati, kasb mahorati tufayli kasbdoshlari ichida obroʻ- eʼtiborga erishgan Javohir Fayziev har bir boshlagan ishiga maʼsuliyat bilan yondashib, uni adolat bilan yakunlaydi. Fidoyilarcha xizmati rahbariyat tomonidan munosib baholanib, qahramonimiz IIVning esdalik qoʻl soati bilan taqdirlandi.

Mahliyo XOLOVA,

“Postda” muxbiri.

Navoiy viloyati.