Sherzod Rayimberdiev ichki ishlar organlaridagi xizmat faoliyati 2013 yilda boshlagan. 2017 yildan buyon Fargʻona viloyati Beshariq tumani IIB HPB profilaktika inspektori sifatida faoliyat koʻrsatmoqda.

Katta leytenant Sh. Rayimberdiev oʻz xizmat vazifasiga sidqidildan yondashib, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish va fosh etishda faol ishtirok etmoqda.

Masalan, yaqinda tumanning Kapayangi qishlogʻidagi bir necha savdo doʻkonlarida ketma-ket oʻgʻirlik jinoyati sodir boʻldi. Nomaʼlum shaxslar savdo doʻkonlarining eshigini buzish yoʻli bilan ochib, pul, paynet cheklari va boshqa qimmatbaho mahsulotlarni oʻgʻirlab ketishadi.

Eng ajablanarlisi, oʻgʻrilar ushbu savdo doʻkonlaridagi kuzatuv kameralarining xotirasini ham oʻzlari bilan olib ketishadi.

Ushbu jinoyatni fosh etishda tuman IIB JQB va boshqa bir qator sohaviy xizmat xodimlarning hissasi katta boʻldi. Shu bilan birga, qahramonimiz – katta leytenant Sherzod Rayimberdiev ham professional kasbiy mahoratini namoyish etib, oʻgʻrilarning shaxsini aniqlashda jonbozlik koʻrsatdi.

Yuqorida taʼkidlanganidek, savdo doʻkonini oʻmargan nomaʼlum shaxslar u yerdan paynet cheklarini ham oʻgʻirlashgan edi. Sherzod Rayimberdiev ana shu cheklarga eʼtibor qaratdi va qachondir shu cheklar orqali kalavaning uchi topilishiga ishondi hamda iizlanishlar olib bordi. Natijada jinoyat fosh etilib, gumondorlar qoʻlga tushdi. Jinoyatni 3 nafar voyaga yetmagan shaxs guruh boʻlib sodir etishgan ekan.

Dastlabki tergov va surishtiruvlarda ushbu guruh tuman hududida sodir boʻlgan yana bir qator oʻgʻirlik jinoyatlariga aloqador ekanligi oydinlashdi. Hozirda toʻplangan hujjatlar boʻyicha tuman IIB tergov boʻlimi tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Abduvosit SIDIQOV,

“Postda” muxbiri.

Fargʻona viloyati.